Yangiliklar

Hindiston Oliy sudi qochqin milliarderlarning 570 million dollarlik taklifini qabul qildi

Aka-uka Sandesaralar 1,6 milliard dollarlik qarzning uchdan birini to‘lash evaziga jazodan qutulishi mumkin
Chetan Sandesara / Foto: The Economic Times

Hindiston Oliy sudi bank firibgarligida ayblanayotgan Nitin va Chetan Sandesara ishi bo‘yicha 570 mln dollarlik kelishuvni ma’qulladi. Agar aka-ukalar ushbu mablag‘ni to‘lasa, ularga nisbatan ochilgan jinoiy ishlar tugatiladi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Milliarderlarning advokati Mukul Rohatgi mijozlari barcha sud jarayonlarini to‘xtatish evaziga kelishuvga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Sud to‘lovni amalga oshirish uchun 17-dekabrgacha muhlat belgiladi. Farmatsevtika va energetika sohalarida faoliyat yuritgan aka-uka Sandesaralar 2017-yilda Hindistondan Albaniya pasporti bilan qochib ketgan edi.

Ular jami 1,6 mlrd dollarlik kreditlarni o‘zlashtirganlikda va banklarni aldaganlikda ayblanmoqda, biroq aka-ukalar bu ayblovlarni rad etib keladi. Hozir ular Nigeriyadagi Sterling Oil Exploration and Energy Production kompaniyasiga egalik qiladi.

Sandesaralar Hindistondagi aktivlari muzlatilishi mumkin bo‘lgan 14 nafar iqtisodiy jinoyatchi qochqinlar ro‘yxatiga kiritilgan. Mustaqil huquqshunos Debopriyo Moulikning ta’kidlashicha, ushbu sud qarori boshqa iqtisodiy jinoyatchilar uchun ham to‘liq to‘lovdan qochib, jarimalar orqali qutulish yo‘lini ochib berishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekiston Hindiston va O‘zbekiston kompaniyasi logistika sohasida hamkorlik qilishi haqida xabar bergan edi.