Yangiliklar

Janubiy Koreya banki o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatishni boshladi

Shinhan banki mehnat migrantlariga xizmat ko‘rsatishni osonlashtirish uchun o‘zbek va nepal tillarini qo‘shdi
Seuldagi Shinhan bankining binosi / Foto: The Korean Herald

Janubiy Koreyaning Shinhan banki 24-noyabr kuni o‘zining xorijiy tillardagi maslahat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirib, o‘zbek va nepal tillarini qo‘shdi. Bu haqda The Korean Herald xabar berdi.

Bank qarori Koreyada O‘zbekiston va Nepaldan kelayotgan mehnat migrantlari soni sezilarli oshgani bilan izohlandi. Yangi qo‘shimchalar bilan Shinhan bank endi 12 ta tilda, jumladan, ingliz, rus, yapon va o‘zbek tillarida xizmat ko‘rsatadi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha bank Koreya moliya sektorida yetakchiga aylandi.

Xorijiy tillarda maslahat berish markazi koreys tilida erkin muloqot qila olmaydigan mijozlarga xalqaro pul o‘tkazmalari, hisob ochish, mobil bankingdan foydalanish bo‘yicha ko‘mak beradi. Filiallar va mijozlar o‘rtasida real vaqt rejimida tarjima xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, bank kreditlar bo‘yicha muhim eslatmalarni yetkazish uchun avtomatlashtirilgan ovozli yo‘riqnomalarni joriy etmoqda. Rasmiylarning qayd etishicha, kengaytirilgan til xizmati xorijiy mijozlarga moliyaviy xizmatlardan to‘siqlarsiz foydalanish imkonini yaratadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan OTB va O‘zbekistonning qo‘shma loyihalar portfeli 15 mlrd dollardan oshgani haqida xabar bergan edi.