
Nigeriyaning Niger shtatidagi Sent-Meri katolik maktabidan o‘g‘irlab ketilgan 300 dan ortiq o‘quvchining kamida 50 nafari jangarilar qo‘lidan qochib qutuldi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
21-noyabr kuni qurolli shaxslar maktabga bostirib kirib, 303 nafar bola va 12 nafar o‘qituvchini olib ketgan edi. Bu mamlakat tarixidagi eng yirik ommaviy o‘g‘irlash holatlaridan biri hisoblanadi. Nigeriya xristianlar assotsiatsiyasining Niger shtatidagi raisi, ruhoniy Bulus Dauva Yoxanna 50 nafar bolaning qaytishi yengillik berganini, ammo qolgan jabrlanuvchilarning xavfsiz qutqarilishi uchun harakat qilish zarurligini ta’kidladi.

Mazkur voqeadan atigi to‘rt kun oldin qo‘shni Kebbi shtatida yana bir hujum yuz berib, 25 nafar maktab o‘quvchisi o‘g‘irlab ketilgan va maktab direktori o‘rinbosari o‘ldirilgan edi. Hozirda mintaqaviy hukumat va xavfsizlik kuchlari o‘rmonlar hamda qochish yo‘llarida qidiruv-qutqaruv ishlarini olib bormoqda.
Hujum qilganlarning shaxsi hozircha noma’lum va hech qaysi guruh mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmagan. UNICEF bolalar va o‘qituvchilarning o‘g‘irlanishini «bolalar huquqlarining shafqatsiz va jiddiy buzilishi» deb baholab, ularni zudlik bilan ozod etishga chaqirdi. Ayni paytda, AQSh prezidenti Donald Tramp Nigeriyada nasroniylarga qarshi zo‘ravonliklarni sabab qilib, harbiy chora ko‘rish bilan tahdid qilgan.
Biroq Nigeriya hukumati Vashingtonning ushbu da’volarini rad etib, mamlakatdagi qurolli guruhlar hujumidan eng ko‘p musulmon aholisi jabr ko‘rayotganini ma’lum qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekstan Nigeriya BRIСS sammiti oldidan neftni dollar o‘rniga mahalliy valyutada sotishga qaror qilgani haqida xabar bergan edi.