
Istanbulda Eron, Xitoy, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Turkiya Yevrosiyo tranzit koridorining janubiy yo‘li bo‘ylab temiryo‘l yuk tashishlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda Mehr News Agency ma’lum qildi.
Shartnomaga ko‘ra, mamlakatlar konteyner poyezdlari uchun yagona tariflarni qo‘llashga, ularning harakat vaqtini qisqartirish va bojxona xarajatlarini kamaytirishga kelishib oldi.
Hujjat, shuningdek, infratuzilmani modernizatsiya qilishni nazarda tutadi, bu orqali koridorning o‘tish qobiliyati oshiriladi va janubiy yo‘lning Xitoy va Yevropa savdosidagi ulushi ko‘paytiriladi.
Agentlikning ma’lum qilishicha, Eron tranzitning asosiy bog‘lovchi halqasiga aylangan. Yangilangan yo‘lning asosiy qismi mamlakat hududidan o‘tadi. 2024-yilda ushbu yo‘nalish bo‘yicha Eron orqali yuk tashish hajmi taxminan 60 mln tonnaga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qamchiq va Darband dovonlaridan o‘tgan temir yo‘llarga Koreyadan tezyurar poyezdlar xarid qilinishi haqida xabar bergan edik.