Yangiliklar

O‘zbekistonda 2026-yilda issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari ko‘tarilishi rejalashtirilmoqda

Yangi tariflar qachon tasdiqlanishi va ular qanchaga oshirilishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar keyinchalik e’lon qilinadi
Poytaxtdagi sakkizta tuman issiq suvdan vaqtincha uziladi
Foto: Myseldon

O‘zbekistonda keyingi yildan issiq suv va issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tariflar ko‘tarilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda «Issiqlikta’minoti» AJ boshqaruv raisi Ilhom To‘rayev Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan e’lon qilingan videomurojaatda ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, tariflarning oshishiga asosiy omil issiq suv va issiqlikni ishlab chiqarishda sarflanadigan tabiiy gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi narxlarining ko‘tarilishi. Shu bois kompaniya xizmat narxlarini qayta belgilashga majbur bo‘lmoqda.

Aholiga yukni kamaytirish mexanizmi ko‘riladi

To‘rayevning aytishicha, tariflarni oshirish jarayoni aholiga ortiqcha og‘irlik solmaslikni inobatga olgan holda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Hozircha oshiriladigan aniq foiz yoki miqdorlar bo‘yicha raqamlar ochiqlanmagan.

Uning ma’lumotiga ko‘ra, hozirda bir gigakaloriya issiq suv ishlab chiqarish tannarxi o‘rtacha 500 ming so‘mni tashkil etadi. Shundan 75 – 80 foizi davlat tomonidan subsidiyalanadi.

Subsidiyadan bosqichma-bosqich chiqish rejalashtirilmoqda

«To‘g‘ri, aholining to‘lovi ham oshadi. Ammo birinchi vazifa – bu ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish orqali subsidiyalardan asta-sekin chiqish», — deydi To‘rayev.

Mutasaddining ta’kidlashicha, issiqlik energiyasi ishlab chiqarish tizimini modernizatsiya qilish orqali xarajatlarni kamaytirish va uzoq muddatda xizmatlarni iqtisodiy asosga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Yangi tariflar qachon tasdiqlanishi va ular qanchaga oshirilishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar keyinchalik e’lon qilinadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda «Eko nom» va «Novator» suv hisoblagichlaridan foydalanish taqiqlangani haqida yozgandi.