O‘zbekistonda gaz qazib olish 5 foizga qisqardi

2025-yilning yanvar – oktabr oylarida O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi 35,5 mlrd kub metrni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,3 foizga kam, deb xabar bermoqda Milliy statistika qo‘mitasi.
Shuningdek, bir yil ichida respublikada neft qazib olish hajmi 602 ming tonnadan 547,3 ming tonnaga, gaz kondensati esa 1 million tonnadan 930,9 ming tonnaga tushib ketdi.
Gaz qazib olishdagi ushbu pasayish fonida, Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini oshirishga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari, Ostona Toshkent bilan neft sanoati va atom energetikasi sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishni maqsad qilgan.
Qozog‘iston tomonining prognozlariga ko‘ra, joriy yilda Rossiya yonilg‘isining O‘zbekiston Respublikasiga tranziti hajmi 5,6 milliard kub metrdan 6 milliard kub metrga yetishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning sentabr oyida geologlar respublikaning Ustyurt platosida yirik gaz konini aniqlaganini ma’lum qilgan edi. Ushbu zaxiralar qariyb 7 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Afg‘oniston va O‘zbekiston elektr energiya yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagani haqida xabar bergan edi.