Yangiliklar

Pokistonda xudkushlar hujumi oqibatida uch nafar harbiy halok bo‘ldi

Hudud armiya va politsiya tomonidan o‘rab olingan
Foto: South China Morning Post

24-noyabr kuni Pokistonning Peshovar shahrida xudkush terrorchilar harbiy kuchlar qarorgohiga hujum qildi. Hodisa oqibatida uch nafar xodim halok bo‘ldi, kamida besh kishi jarohatlandi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumchilar bino ichida o‘zlarini portlatishdan oldin o‘t ochib, chegara qo‘riqlash binosiga bostirib kirishgan. Pokiston qurolli kuchlarning qo‘mondoni Javid Iqbol uch nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini tasdiqladi.

Hudud armiya va politsiya tomonidan o‘rab olingan bo‘lib, xavfsizlik kuchlari ichkarida yana terrorchilar bo‘lishi mumkinligi sababli vaziyatni ehtiyotkorlik bilan nazorat qilmoqda. Besh nafar yarador, jumladan, ikki nafar harbiy xizmatchi shifoxonaga yetkazilgan. Hozircha hech qaysi guruh ushbu hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.

Mintaqada Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘tgan oydagi qonli chegara to‘qnashuvlaridan so‘ng islomiy jangarilarning hujumlari kuchaygan. Pokiston tomoni afg‘on toliblarini jangarilarga chegaralararo hujumlar uyushtirish uchun boshpana berishda ayblamoqda, biroq Kobul bu ayblovlarni rad etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pokiston poytaxtidagi portlash oqibatida 12 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.