
Titanik kemasida halok bo‘lgan Isidor Strausga tegishli tilla cho‘ntak soati kimoshdi savdosida 2,24 mln dollarga sotildi. Bu haqida The Guardian nashri xabar berdi.
Ushbu tilla soat Macy’s univermagi asoschisi Isidor Strausga tegishli bo‘lgan. 18 karatli Jules Jurgensen soati Strausga 1888-yilda uning 43 yoshga to‘lishi munosabati bilan sovg‘a qilingan edi. Henry Aldridge & Son auksion uyi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu buyum avvalgi rekordni yangilagan.
Avvalgi rekord o‘tgan yili o‘rnatilgan bo‘lib, o‘shanda kema kapitaniga sovg‘a qilingan boshqa bir soat 2 mln dollarga baholangan edi. Isidor Straus va uning rafiqasi Ida 1912-yilda Titanik cho‘kib ketganida halok bo‘lgan 1500 dan ortiq yo‘lovchilar orasida edi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Isidor yoshi kattaligi sababli qutqaruv qayig‘iga taklif qilingan, ammo u ayollar va bolalar qolib, o‘zi omon qolishni rad etgan. Rafiqasi esa uni yolg‘iz tashlab ketishni istamagan. Jeyms Kemeronning 1997-yilgi «Titanik» filmida ham juftlikning o‘lim oldidan kayutada bir-birini quchoqlab yotgan sahnasi tasvirlangan.
Soat keyinchalik Strausning jasadidan topilib, oilasiga qaytarilgan. Auksionda, shuningdek, Ida Straus tomonidan yozilgan xat 126 ming dollarga va yo‘lovchilar ro‘yxati 131 ming dollarga sotildi. Titanikga oid barcha esdalik buyumlarining umumiy savdosi qariyb 3,8 mln dollarni tashkil etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Yulduzlar jangi» filmidagi klon askarning shlemi sotilgani haqida xabar bergan edi.