Yangiliklar

Vyetnamdagi suv toshqini qurbonlari 102 nafarga yetdi

1154 ta uy vayron bo‘lgan
Vyetnamdagi suv toshqini qurbonlari 102 nafarga yetdi / Foto: AFP

Vyetnamda yuz berayotgan suv toshqinlari 102 nafar odamning o‘limiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Asia News Network nashri ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Dak Lak viloyati eng katta aziyat ko‘rdi: 63 kishi halok bo‘lgan, sakkiz kishi bedarak yo‘qolgan. Khanh Hoa’da 14 kishi halok bo‘ldi, ikki kishi bedarak yo‘qolgan. Suv toshqinlaridan Quang Tri, Thua Thien Hue, Da Nang va Gia Lai kabi hududlarga ham katta talafot yetdi.

Foto: Viet Nam News
Foto: Viet Nam News

Dastlabki iqtisodiy zarar taxminan 9,035 trln VND ($343 mln atrofida)ni tashkil qilmoqda. Dak Lak, Khanh Hoa va Dong Nai havzalaridagi daryolar pasaymoqda, ammo suv darajasi yuqoriligicha turibdi. Khanh Hoa’da Dien Dien va Hoa Tri qishloqlarida 87 ta uyga zarar yetdi, Lam Dong’da Nam Da va Cat Tien hududlarida 127 ta uy suv ostida.

Foto: Viet Nam News
Foto: Viet Nam News

1154 ta uy vayron bo‘lgan yoki jiddiy shikastlangan. Shulardan 825 tasi Lam Dong’da joylashgan. Qishloq xo‘jaligida ham zarar yetaricha: 80,825 gektar don va boshqa ekinlar, 117,067 gektar ko‘p yillik ekinlar payhon bo‘ldi. 3,23 mlndan ortiq chorva mollari va parranda nobud bo‘ldi.

Transport tizimi butunlay izdan chiqqan. Olti temir yo‘l liniyasi yopildi. Elektr uzilishlari oqibatida 1,17 mlndan ortiq abonent aloqasiz, 258,000 nafar fuqaro esa elektr energiyasiz qolmoqda.

Foto: Viet Nam News

Viloyatlar shoshilinch yordamga muhtoj. Gia Lai viloyati ikki ming tonna guruch, uch ming kg Xloramin B va 100 ming dona Aquatabs tabletkalari kutmoqda. Dak Lak esa oziq-ovqat, suvni tozalash vositalari, tibbiy jihozlar, besh mingta ijtimoiy yordam paketi hamda qishloq xo‘jaligini tiklash uchun urug‘, chorva mollari va zarur texnik vositalar talab qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bangladeshda zilzila oqibatida besh kishi halok bo‘lgan edi.