Gadjetlar

Apple kompaniyasining rivojlanish va muvaffaqiyat tarixi

Foto: Depositphotos.com / boggy22

Apple kompaniyasi texnologiyalar sohasi tarixida chuqur iz qoldirgan. Garajda boshlangan kichik startap bugun milliardlab foydalanuvchilariga ega global gigant kompaniyaga aylangani hech kimga sir emas. Bugun kompaniya kompyuterlardan tortib, iPhone, iPad, MacBook, Apple Watch, AirPods kabi qurilmalargacha boʻlgan butun boshli ekotizimni yaratdi. O‘z navbatida, ortda qolgan davrda bir necha marta qiyin bosqichlarni boshdan kechirishiga ham to‘g‘ri kelgan. Kursiv Uzbekistan Brend tarixi ruknida bu safar Apple kompaniyasi haqida soʻz yuritishga qaror qildi.

Maqolada quyidagilar haqida so‘z boradi:

Kompaniyaning tashkil topishi

Foto: Commons wikimedia / Apple’ning birinchi ofisi.

Bugungi kunda kapitallashuvi trillion dollar boʻlgan kompaniya tarixi oʻtgan asrning 76-yilida Stiv Jobsga tegishli garajda boshlangan. Kompaniya asoschilari Stiv Jobs, Stiv Voznyak va Ron Ueyn hisoblanadi. Voznyak tomonidan qoʻlda yigʻilgan Apple I shaxsiy kompyuter toʻplami dastlab Homebrew Computer Clubʼda taqdim qilingan. Jobs esa bu ishlanmani bozorga chiqarish gʻoyasini ilgari surib, kompyuterni sotuvga chiqargan. Bu orqali kompaniya tez orada ilk kichik muvaffaqiyatini qoʻlga kiritadi, lekin sheriklardan bir Ron Ueyn moliyaviy xatarlar tufayli loyihadan chiqib ketadi.

Apple II va ilk katta tijoriy yutuq

Foto: Depositphotos.com / Apple II.

Oradan bir yil oʻtib, yaʼni 1977-yilda Apple II taqdim etildi. Qurilma TRS-80 va Commodore PET kabi raqobatchilaridan rangli grafika va ochiq arxitekturasi bilan ajralib turdi. Apple II kelasi 16 yil ichida taxminan 6 mln dona sotilib, kompaniyaning ilk global muvaffaqiyatiga xizmat qildi. Aynan mazkur model Appleʼni shaxsiy kompyuter bozorida kuchli oʻyinchilardan biriga aylantirdi.

1979-yilda Xerox Apple muhandislariga PARC markazidagi texnologiyalar bilan tanishish imkonini berdi. Jobs va jamoa Xerox Alto’dagi grafik foydalanuvchi interfeysini koʻrib, kompyuterlar kelajagi aynan shu yoʻnalishda ekanini anglagan. Natijada Apple Lisa va Macintosh loyihalarida menyular va kursor asosidagi Graphical User Interface (Grafik foydalanuvchi interfeysi), shuningdek, sichqoncha ommaviy qoʻllanadigan standartga aylantirildi.

Foto: Depositphotos.com/ Macintosh kompyuteri

1983-yilda Apple Lisa birinchi tijoriy Graphical User Interface (GUI) ega kompyuter boʻldi, lekin yuqori narx va cheklangan dasturlar sabab bozorda kutilgan muvafaqqiyatga erisha olmadi. Shunday boʻlishiga qaramay, 1984-yilda Macintosh taqdim etildi va 1984 reklama roligi orqali keng auditoriyaga taqdim qilindi. Macintosh GUI va sichqonchani ommalashtirib, shaxsiy kompyuterlar rivojida yangi bosqichni boshlab berdi.

Ichki ziddiyatlar va Jobsning ketishi

Foto: Britannica money / Stiv Voznyak va Stiv Jobs

Macintosh sotuvi kutilgan natijani bermadi, shuningdek, texnik cheklovlar va bozordagi katta raqobat fonida Apple ichida ziddiyatlar kelib chiqdi. 1985-yilda Stiv Jobs kompaniyani tark etdi hamda o‘zining NeXT kompaniyasini tashkil qildi. Keyinchalik esa The Graphics Group studiyasini sotib olib, uni Pixarʼga aylantirdi. Bu davrlarda Apple murakkab bosqichni boshdan kechirdi.

1990-yillarga kelib, kompaniya bir qator muvaffaqiyatsiz mahsulotlar va strategik xatolar oqibatida moliyaviy jar yoqasiga kelib qoldi. Bir muddat yangi operatsion tizim va bozor yoʻnalishini topishda qiynaldi. Mazkur davrda Appleʼning bozordagi ulushi keskin pasayib, deyarli bankrot holatiga kelib qoldi.

Jobsning qaytishi

Foto: Apple / Stiv Jobs 1999-yilda iMac G3 bilan

1996-yilda Jobs kompaniyaga qaytdi. NeXT tomonidan ishlab chiqilgan NeXTSTEP texnologiyasi keyinchalik Mac OS X, soʻng macOSʼning asosi boʻlib xizmat qildi. 1997-yil 9-iyulda Jobs CEO sifatida qayta tayinlanib, mahsulotlar qatorini keskin soddalashtirdi. 1998-yilda iMac monobloki chiqarildi. Narxi $1,3 ming boʻlgan iMac besh oy ichida 800 ming dona sotilib, Appleʼning obroʻsi hamda moliyaviy barqarorligini tiklashga xizmat qildi. Shu davrda Apple Final Cut dasturini sotib olib, iMovie va Final Cut Pro’ni chiqardi va 1999-yilda macOS liniyasini yoʻlga qoʻydi.

iPod, iTunes, iPhone va iPad davri

Foto: cnet.com / Birinchi iPod

Apple 2001-yilda iPod portativ pleyerini taqdim etib, raqamli musiqani tinglash uslubini oʻzgartirdi. 2003-yilda iTunes Store ishga tushdi va qoʻshiqlarni sotish modeli ommalashdi. 2007-yilda esa iPhone chiqdi. Bu sensorli interfeysga ega birinchi ommaviy smartfonlardan boʻlib, telefon, internet va media funksiyalarini birlashtirdi.

Foto: Reuters

2008-yil 11-iyulda esa App Store ishga tushirildi. Ilovalar bozori qisqa vaqt ichida tez oʻsdi va Appleʼni kuchli ekotizim markaziga aylantirdi. 2010-yilda iPad taqdim etildi. U smartfon va noutbuk oʻrtasidagi boʻshliqni toʻldirgan yangi qurilmalar sinfini yaratdi.

Jobsdan keyingi boschiq va yangi mahsulotlar

2011-yilda Jobs iCloud xizmatini taqdim etdi. Oʻsha yilning 5-oktabr sanasida kompaniya katta yoʻqotishga uchradi. Appleʼning muvaffaqiyatida eng katta hissa qoʻshgan insonlardan biri Stiv Jobs vafot edi. Undan keyin kompaniya boshqaruvi Tim Kuk qoʻliga oʻtdi. Kuk boshqaruv davrida iPhoneʼning yangi avlodlari, Siri, iCloud sinxronlashuvi, iPadʼning turli modifikatsiyalari chiqarildi.

Foto: The Verge

2014-yilda Apple Watch, 2016-yilda AirPods taqdim etildi. AirPods dastlab sinov tariqasida chiqarilishiga qaramay, juda tez ommalashdi. 2020-yilga kelib, Apple Intel protsessorlaridan voz kechib, Mac qurilmalarini oʻz chiplariga oʻtkazishini eʼlon qildi. 2020-yil 10-noyabrda M1 protsessorli MacBook Air, MacBook Pro va Mac Mini sotuvga chiqdi. Bu kompaniyaning texnik mustaqilligini va qurilmalar samaradorligini oshirdi. 2023-yil iyunida Apple Vision Pro aralash reallik koʻzoynagi taqdim etildi va u 2024-yil 2-fevraldan savdoga chiqarildi. Vision Pro Appleʼning navbatdagi yirik texnologik yoʻnalishi sifatida koʻrilmoqda.

Logotip

Foto: Violity.com

Appleʼning ilk logotipi Ron Ueyn tomonidan chizilgan boʻlib, unda olma daraxti ostidagi Isak Nyuton tasvirlangan. Jobs bu logotipni eskicha deb atadi va 1977-yilda dizayner Rob Yanoff yaratgan tishlangan olma belgisi qabul qilindi. Avvaliga u kamalak ranglarda edi, 1997–1998-yillardan boshlab shaffof koʻk va qora variantlarga oʻtdi. 2007-yilda logotip xrom uslubida yangilandi va zamonaviy Apple dizayn falsafasiga moslashdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan BMW tarixi haqida maqola tayyorlagan edi.