Lifestyle

AutoFlight ilk suzuvchi eVTOL aeroportini taqdim etdi

Tizim quyosh panellari orqali ishlaydi
AutoFlight ilk suzuvchi eVTOL aeroportini taqdim etdi / Foto: AutoFlight

Xitoyning eVTOL ishlab chiqaruvchisi AutoFlight CATL bilan hamkorlikda ilk suzuvchi aeroportini taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi.

eVTOL Water Vertiport modul tarzida yig‘iladigan platforma bo‘lib, elektr uchish apparatlari uchun qo‘nish maydonchasi va quvvatlash stansiyasi vazifasini bajaradi. Tizim quyosh panellari va energiya saqlash qurilmasi orqali ishlaydi. Platformalarni qirg‘oq hududlarida yoki dengiz zonalarida o‘rnatish mumkin.

AutoFlight Unveils Zero-Carbon Water Vertiport
Video: AutoFlight

Suzuvchi aeroportlar qutqaruv amaliyotlari, dengizdagi shamol elektr stansiyalari va neft platformalariga xizmat ko‘rsatishda qo‘l keladi. Shuningdek, shaharlarda havo taksilariga ko‘rfaz yoki daryolar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri marshrutlar yaratishga imkon beradi.

Ma’lumot uchun, AutoFlight yuk, yo‘lovchi, qutqaruv va yong‘in xavfsizligi uchun 2000 dan ortiq uchish apparatlariga buyurtmalarga ega. CATL kompaniyasi esa uzoq masofaga parvoz qilish imkonini beradigan maxsus aviatsion akkumulyatorlar ustida ishlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nemis kompaniyasi kosmosda quyosh panellarini ishlab chiqarishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.