Bo‘stonliqda YTH oqibatida mototsikl haydovchisi halok bo‘ldi

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 23-noyabr kuni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida mototsikl haydovchisi vafot etdi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB YHXB xabar berdi.
Hodisa soat 14:00 atrofida D012 Bektemir–Chorvoq avtomobil yo‘lining 64-kilometrida yuz bergan. 1982-yilda tug‘ilgan, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro o‘z boshqaruvidagi mototsiklda harakatlanayotib boshqaruvni yo‘qotgan. Natijada transport vositasi yo‘lning o‘ng tomonidagi temir to‘siqqa borib urilgan.
Olingan og‘ir tan jarohatlari tufayli haydovchi voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan. Holat yuzasidan Bo‘stonliq tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqandda Damas va Onix to‘qnashishi oqibatida bir kishi vafot etgani haqida xabar bergan edi.