
BYD kompaniyasi tomonidan 19-noyabr kuni Barselonada BYD Atto 2 gibrid modeli Yevropa bozoridagi taqdimotini o‘tkazdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Atto 2 DM-i 90 km gacha sof elektrda yurishi va to‘liq yonilg‘i-batareya zaxirasida 1 020 km masofani bosib o‘tishi bilan ajralib turadi.
Modelning Ispaniyadagi narxi Active versiyada 32,9 ming yevro, ya’ni $35,9 ming. Boost versiyada $39,2 mingdan boshlanadi. Narx MOVES III subsidiyalarigacha bo‘lgan qiymatni bildiradi.

Gibrid versiya elektr Atto 2’dan tashqi ko‘rinishi bilan farq qiladi. Old qismda dvigatel sovitishini kuchaytiruvchi kattaroq panjara bor. Qayta ishlangan nishon va maxsus «Midnight Blue» rangi qo‘llangan. Uzunligi 4,3 metr bo‘lgan model 17 dyuymli disklar, LED faralar va orqa tomon bo‘ylab yoritilgan chiroq paneli bilan jihozlangan.
Salon 12,8 dyuymli sensorli ekran, sun’iy charm o‘rindiqlar, panoramali oynali tom va 425 litrli yukxonani o‘z ichiga oladi. O‘rindiqlar buklanganda yukxona 1 335 litrga kengayadi. Model V2L funksiyasi bilan 3,3 kVt quvvatni tashqi qurilmalarga berishi ham mumkin.

Atto 2 DM-i ikki konfiguratsiyada taqdim etildi. Active versiya 122 kVt (164 ot kuchi) quvvatga ega bo‘lib, 7,8 kVt/soatli batareya orqali taxminan 40 km elektr masofa beradi. Boost versiyasi esa 156 kVt (209 ot kuchi) quvvatga ega, 18 kVt/soatli batareya bilan 90 km EV masofa taqdim etadi. Boost versiyasi 0 – 100 km/soat tezlanishni 7,5 soniyada bajaradi va eng kam WLTP yoqilg‘i sarfi 1,8 l/100 km deb ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan BYD Yuan UP’ning yangi gibrid versiyasi taqdim etilgani haqida yozgan edi.