Igor Sergeyev faoliyatini Rossiyada davom ettirishi mumkin

25-noyabr 2025 12:05 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: FC Paxtakor

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va «Paxtakor» klubi hujumchisi Igor Sergeyev faoliyatini Rossiya Premyer ligasining «Krilya Sovetov» klubida davom ettirishi mumkin. Bu haqda rossiyalik futbol insayderi Ivan Karpov xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, Samara klubi 32 yoshli futbolchiga ikki yillik shartnoma taklif qilgan, biroq hozircha maosh masalasida yakuniy to‘xtamga kelinmagan. Xabarlarga ko‘ra, «Krilya Sovetov» rahbariyati o‘zbekistonlik hujumchiga oyiga 2,5 million rubl ($24 ming) maosh taklif qilgan. Biroq futbolchining vakillari oyiga $50,9 ming maosh hamda shartnoma imzolangani uchun 38,2 ming bonus talab qilmoqda. Hozircha muzokaralar davom etayotgani va kelishuv to‘liq yakunlanmagani aytilmoqda.

Igor Sergeyevning «Sherlar» bilan amaldagi shartnomasi qishda o‘z nihoyasiga yetadi va u Samaraga erkin agent sifatida ko‘chib o‘tishi mumkin. Samara klubi ayni damda hujum chizig‘ida muammolarga duch kelmoqda. Shu bois klub rahbariyati tajribali forvard izlashga majbur bo‘lmoqda.

Ma’lumot uchun, Igor Sergeyev faoliyati davomida «Paxtakor», «Beijing Guoan» (Xitoy), «Tobol», «Astana» (Qozog‘iston) kabi klublarda to‘p surgan. O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 81 ta o‘yinda 24 ta gol muallifiga aylangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Husayn Norchayev Qozog‘iston klubiga o‘tishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek