Yangiliklar

Ikkita tuman va bitta shaharda hokim almashdi

Guliston shahri hamda G‘ijduvon va Bo‘ka tumanlarida
Foto: Sirdaryo viloyat hokimligi

Guliston shahri hamda G‘ijduvon va Bo‘ka tumanlarida hokim almashdi. Uchala hududda ham chaqirilgan sessiyada tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.

Tahliliy va tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishlarda viloyat hokimlari ishtirok etgan. Sessiya davomida viloyat mas’ullari hududlarda yo‘l qo‘yilayotgan qator kamchiliklarni ko‘tardi. Xususan, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalda tatbiq etish bo‘yicha shahar va tuman birinchi rahbarlarining harakatlari yetarli emasligi tanqid ostiga olindi.

Guliston shahri hokimi lavozimida ishlagan Xodjimanov Jamoliddin Husnididinovich vazifasidan ozod etildi va uning o‘rniga hozirga qadar Sirdaryo viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lib faoliyat yuritgan O‘ktamjonov Farrux O‘ktamjonovich tasdiqlandi.

G‘ijduvon tumani hokimi Ashurov Sherzod Rahimovich ham lavozimidan ozod qilindi va «G‘ijduvon» erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi direktori bo‘lib ishlagan Umarov Farhod Boqevich tumanga hokim etib tasdiqlandi.

Bo‘ka tumanida esa hokimlik qilgan Begmatov Baxtiyor Paxriddinovich vazifasidan ozod etildi, uning o‘rniga Parkent tumani hokimi vazifasini bajarib kelgan Isoqulov Sardor Dadajonovich tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Denov va Chiroqchi tumani hokimlari ishdan olingani haqida yozgan edi.