
Adliya vazirligi xorijdan olib kelinadigan ko‘z shox pardasi bioprotezlarini davlat tibbiyot muassasalarida qo‘llash tartibini tasdiqladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Nizomga ko‘ra, transplantatsiya amaliyotlarida foydalaniladigan bioprotezlar faqat Vazirlar Mahkamasining 333-son qarorida ko‘rsatilgan davlat tibbiyot muassasalarida qo‘llanadi.
Bioprotezlarni tashish jarayonida har bir muassasada bir tibbiyot xodimi mas’ul hisoblanadi. Xorijdan olib kelingan bioprotezlar 12 soat ichida muassasalarga yetkazilishi shart va faqat maxsus sovitish uskunalarida belgilangan haroratda tashiladi.
Mazkur bioprotezlar davlat tibbiyot muassasalaridagi maxsus muzlatkichlarda 14 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda saqlanadi. Shu tartib bilan bioprotezlarning xavfsiz tashilishi va samarali qo‘llanilishi ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat xizmatlari yagona reyestri yuritilishi tartibi belgilangani haqida yozgan edik.