Avto

Lada Auro Taxi avtomobili qanday xususiyatlarga ega

Ushbu modifikatsiya intensiv ishlatiladigan taksi xizmati uchun qulaylik va bardoshlilikni oshirishga qaratilgan
Lada Auro Taxi avtomobili
Foto: AvtoVaz

AvtoVAZ brendi tomonidan Lada Aura Taxi avtomobili taqdim etildi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida ma’lum qildi.

Ushbu modifikatsiya intensiv ishlatiladigan taksi xizmati uchun qulaylik va bardoshlilikni oshirishga qaratilgan.

Modelning eng katta afzalligi orqa o‘rindiqdagi keng joydir. Old o‘rindiqlardan orqa qatorgacha bo‘lgan masofa 1060 mm bo‘lib, bu o‘z segmentida eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Avtomobil 176 mm baland klirens, barcha o‘rindiqlar, rul, old oyna va yuvish purkagichlari isitkichlari bilan ta’minlangan. Kapot ostida 1,8 litrli EVO dvigateli joylashgan bo‘lib, u 122 ot kuchiga ega va avtomat uzatma bilan ishlaydi.

AvtoVAZ rahbariyatining ma’lum qilishicha, kompaniya ishlab chiqaradigan barcha modellari taksi sohasida mahalliylashtirilgan transport vositasi sifatida tavsiya etilgan. Aura uchun maxsus budjetli Taxi versiyasining yaratilishi ham shu yo‘nalishga xizmat qiladi. May oyida qabul qilingan taksini mahalliylashtirish to‘g‘risidagi qonun 2026-yil 1-martdan kuchga kirishi kerak. Kompaniya prezidenti Maksim Sokolov taksilar qimmatlab ketishi haqidagi xavotirlarni rad etdi. Chunki LADA avtomobillari narx va foydalanish xarajatlari bo‘yicha xitoylik raqiblardan ancha arzon.

Sokolov ayrim guruhlarning taksi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish, xususan, o‘zini o‘zi band qilganlar uchun kvotalar belgilash haqidagi takliflariga ham munosabat bildirdi. Uning aytishicha, amaldagi hujjatda ularga allaqachon yengilliklar berilgan. 2026-yil martigacha litsenziya olingan istalgan avtomobil yana besh yil ishlashi mumkin. Ba’zi hududlarda esa muddat 2028 – 2030-yilgacha uzaytirilgan. Rahbarning fikricha, avvalo qonun amalda ishga tushishi, keyin esa taksi bozorining iqtisodiy ko‘rsatkichlari asosida zarur bo‘lsa qo‘shimcha o‘zgartirishlar ko‘rib chiqilishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Lada Iskra avtomobilining dizayni qanday shakllangani haqida yozgan edi.