Avto

Leapmotor Lafa 5 Ultra avtomobili qachon chiqadi

Kompaniya vitse-prezidenti Cao Li Lafa 5 Ultra modeli haqida birinchi tasvirlarni e’lon qildi
Leapmotor
Foto: Cao lI

Leapmotor Lafa 5 Ultra avtomobili 2026-yilda taqdim etiladi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Kompaniya vitse-prezidenti Cao Li Lafa 5 Ultra modeli haqida birinchi tasvirlarni e’lon qildi. Ushbu yangi avtomobil standart Lafa 5’ning kuchaytirilgan, sport ko‘rinishidagi versiyasi bo‘ladi. Asosiy model 28-noyabr kuni taqdim etiladi, Ultra versiya esa 2026-yilning ikkinchi choragida bozorda paydo bo‘ladi.

Sport versiyaning old qismi qora yaltiroq splitter va oldingi lip bilan jihozlangan. Yon tomonlarda yangi kengaytirilgan yubkalar bor va ular qora disklar bilan uyg‘unlashtirilgan. Orqa qismida esa yirik spoyler va agressiv diffuzor o‘rnatilgan.

Foto: Cao Li

Lafa 5 Ultra’ning salon va texnik ko‘rsatkichlari hali rasman e’lon qilinmagan. Ammo model yarim yilga kechiktirilgani uning faqat tashqi dizayndan iborat bo‘lmasligini ko‘rsatadi. Avtoindustriya kuzatuvchilari bu versiyada kuchliroq quvvatga ega ikki elektromotorli tizim bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Cao Li avtomobil tog‘li yo‘llarda zo‘r boshqaruvga ega ekanini aytib, sinov jarayonlari davom etayotganini bildirdi. Bu esa shassi sozlamalari va yangi quvvat tizimi ustida jiddiy ishlanayotganini ko‘rsatadi.

Foto: Cao Li

Stellantis tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Leapmotor 2026-yilgi taqdimot yaqinlashgani sayin Lafa 5 Ultra haqida yana ko‘proq ma’lumot berishi kutilmoqda. Modelning xalqaro nomi Leapmotor B10 bo‘lib, u ilk bor bu yilgi Myunxen avtosalonida namoyish etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 14 ming dollarlik Leapmotor A10 elektromobili uchun buyurtmalar boshlangani haqida yozgan edi.