Nyu-Yorkda aholiga 12 ming dollarlik kriptovalyuta tarqatiladi

eʼlon qilindi
Sinov dasturi doirasida 160 nafar fuqaro oylik to‘lov va bir martalik yirik mablag‘ oladi
Foto: jroballo / Getty Images

GiveDirectly notijorat tashkiloti Nyu-York shahrida kriptovalyuta orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazish bo‘yicha sinov dasturini ishga tushirdi. Dastur doirasida tanlab olingan 160 nafar odamga jami $12 ming qiymatidagi kriptovalyuta beriladi. Bu haqda Business Insider xabar bermoqda.

Ishtirokchilar sentabr oyidan $800 miqdorida to‘lov qabul qilishdi. Noyabr oyida esa ularga $8 ming bir martalik mablag‘ o‘tkazib berildi. To‘lovlar AQSh dollariga tenglashtirilgan USDC (stablecoin) valyutasida amalga oshirilmoqda va dastur fevral oyida yakunlanadi.

Loyiha Coinbase kompaniyasi tomonidan ajratilgan xayriya mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda. Dastur rahbari Emma Kelsining ta’kidlashicha, bir martalik yirik to‘lov usuli oldingi tadqiqotlarga asoslangan.

«Bu mablag‘ odamlarga ta’lim olish, uy-joy depoziti kabi kattaroq xarajatlarni qoplash yoki sarmoya kiritish imkonini beradi», — dedi Kelsi.

Loyiha uchun Nyu-Yorkning kam ta’minlangan Janubiy Bronks va Sharqiy Harlem tumanlari tanlangan. Tashkilotchilar ushbu hududlarda kriptovalyuta ekotizimiga qiziqish yuqori ekanligini va mahalliy siyosatchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlash mavjudligini qayd etishdi.

Bu tashabbus AQShda ommalashib borayotgan «kafolatlangan daromad» (guaranteed basic income) tajribalariga o‘xshash bo‘lib, aholining an’anaviy bank tizimidan ko‘ra kriptovalyutadan foydalanishga munosabatini o‘rganishni maqsad qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan dunyoda kriptomillionerlar soni 40 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek