
O‘zbekiston Malayziyada o‘tkazilgan uchrashuvda Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) ning Janubi-Sharqiy Osiyoda do‘stlik va hamkorlik shartnomasiga qo‘shildi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston tomonidan berilgan ariza Kuala Lumpur shahrida Malayziya davlati raisligida o‘tgan ASEAN Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida tashkilotga a’zo barcha davlatlar tomonidan tasdiqlandi.
Ma’lumot uchun, Janubi-Sharqiy Osiyoda do‘stlik va hamkorlik shartnomasi 1976-yil 24-fevralda Indoneziyaning Bali shahrida imzolangan. Mazkur muhim hujjat mintaqadagi o‘zaro hamkorlikning asosiy tamoyillarini belgilovchi hisoblanadi. ASEAN mintaqasi 11 davlatni o‘z ichiga oladi va 700 mlnga yaqin aholiga ega yirik bozorni tashkil etadi.
O‘zbekistonning ushbu shartnomaga qo‘shilishi davlatlararo G2G hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi. Shungdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni faollashtirish, yirik xorijiy kompaniyalar ishonchini oshirish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston JSTga a’zolik bo‘yicha yana ikkita davlat bilan muzokaralarni yakunlagani haqida xabar bergan edik.