Yangiliklar

O‘zbekiston Rossiya bilan JST bo‘yicha muzokaralarni yakunlash arafasida

Prezident vakilining ma’lum qilishicha, faqat bitta mamlakat bilan muzokaralar qolgan
Foto: Azizbek Urunov / Linkedin

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Rossiya bilan o‘tkazilgan muzokaralar deyarli yakuniga yetdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, barcha asosiy masalalar bo‘yicha kelishuvga erishilgan va faqat ayrim texnik jihatlarni tasdiqlash qolgan. Azizbek Urunov o‘tgan hafta Moskvada Rossiya muzokara guruhi bilan samarali uchrashuv o‘tkazilganini qayd etdi.

Tomonlar dekabr oyida Jenevada bo‘lib o‘tadigan JST Bosh kengashi yig‘ilishida yakuniy natijani rasmiylashtirishni rejalashtirmoqda. Maxsus vakil Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov va uning jamoasiga konstruktiv yondashuv uchun minnatdorlik bildirdi.

Muzokaralar jarayonidagi keyingi bosqich haqida to‘xtalarkan, Urunov endilikda faqat Xitoy Taypeyi (Tayvan) bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash qolganini ta’kidladi. Bu JST’ga a’zo bo‘lish yo‘lidagi so‘nggi ikki tomonlama kelishuvlardan biri hisoblanadi.

Shu hafta davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Vashingtonda bo‘lib, u yerda hamkorlar bilan ikki tomonlama va JST doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati 2026-yilgacha Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lishni maqsad qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston JSTga a’zolik bo‘yicha Ekvador bilan muzokaralarni yakunlagani haqida xabar bergan edi.