
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida avtomobillarning bosib o‘tgan masofasini o‘zgartirganlik yoki bu haqda xaridorni ogohlantirmaganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan hujjat birinchi o‘qishda ma’qullangan. Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritilishi kutilmoqda.
Unga asosan, avtotransport vositasini sotishdan oldin odometr ko‘rsatkichlari o‘zgartirilgani (kilometrajning orqaga qaytarilgani) yoki uskuna almashtirilgani haqida xaridorni xabardor qilmaslik huquqbuzarlik deb baholanadi va buning uchun aniq javobgarlik choralari belgilanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan sud qarorlarining kuchga kirish muddati 30 kundan 10 kunga qisqartirilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.