
O‘zbekistonda shu hafta juma, 28-noyabr kuni yomg‘ir so‘rab Istisqo namozi o‘qiladi. Bu haqda Musulmonlar idorasi xabar bermoqda.
Joriy kuz faslida yog‘ingarchilik kuzatilmayotgani va yaqin kunlarda ham yomg‘ir kutilmayotgani sabab, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar tashabbusi bilan 2025-yil 28-noyabr kuni juma namozidan so‘ng yurtimizdagi barcha masjidlarda jamoat bo‘lib ikki rakat istisqo namozi o‘qiladi.
Viloyat va tuman markazlaridagi masjid hamda ziyoratgohlarda jonliq so‘yilib, go‘shtlari ehtiyojmand oilalar, yetim-yesirlar, beva-bechoralar, boquvchisini yo‘qotgan keksa insonlarga tarqatiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasiga qarashli oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari ustoz va talabalari tomonidan Imom Buxoriyning «Sahihi Buxoriy» asari juma namoziga qadar xatm qilinadi.
Umra ziyoratida bo‘lib turgan ellikboshi imom-domlalarga ham Makka va Madina shaharlaridagi haramlarda o‘z guruhlari bilan istisqo namozini o‘qish tavsiya etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekistondagi muqaddas ziyoratgohlar haqida yozgan edi.