
Shavkat Mirziyoyev Samarqandda davom etayotgan tashrifi doirasida Samarqand – Urgut yangi temir yo‘l liniyasi qurilishi jarayonlari bilan ham tanishdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumot uchun, 55 kilometr uzunlikdagi ushbu yo‘lning boshlang‘ich nuqtasi fevral oyida boshlangan bo‘lib, ikki vokzal, «Urgut» erkin iqtisodiy zonasida ikkita yuk stansiyasi va bir qator ko‘priklarni o‘z ichiga oladi. Kelgusida liniyani to‘liq elektrlashtirish rejalashtirilgan.





Samarqand – Urgut yo‘nalishi yiliga 359 ming yo‘lovchi va 8,2 million tonna yuk tashish imkonini yaratadi. Ikki juft shaharlararo, to‘qqiz juft yuk poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, loyiha Jomboy, Pastdarg‘om, Toyloq va Urgut tumanlari aholisi uchun zamonaviy va xavfsiz transport xizmatini ta’minlab, ichki turizm rivojiga ham kuchli turtki beradi. Temir yo‘l ishga tushishi bilan 130 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Prezident safar davomida poyezdda yo‘lni sinovdan o‘tkazib, infratuzilmani modernizatsiya qilish, yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, yo‘l atrofida obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.







Davlat rahbari Urgutning iqtisodiy salohiyatiga alohida to‘xtalib, yangi temir yo‘l hududdagi logistik tromblarni bartaraf etishi, mahsulot tashish tezlashib, narxlar barqarorlashishi, investorlar uchun imkoniyatlar kengayishini ta’kidladi.
Urgut vokzalidagi infratuzilma ham ko‘zdan kechirilib, sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jomboy va Urgutni bog‘laydigan temiryo‘l qurilishi haqida xabar bergan edi.