
Shavkat Mirziyoyev Urgut tumanidagi Ferre Group korxonasida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Korxona «Urgut» erkin iqtisodiy zonasida joylashgan yirik majmua hisoblanadi. Dastlab yig‘uv sexi sifatida yo‘lga qo‘yilgan korxona bugun muzlatkich, gaz plita, kichik pech, changyutgich va dudburon kabi texnikalarni ishlab chiqarmoqda. Mahsulotlar Dorsa, Kleo va Ferre brendlari ostida Markaziy Osiyo va Ozarbayjonga eksport qilinadi.







Shu bilan birga, Ferre Group korxonasining yillik quvvati 250 ming dona mahsulotni tashkil etadi. Mahalliylashtirish darajasi 85 foizga yetgan. Ishlab chiqarishda Germaniya, Turkiya, Italiya va Xitoy texnologiyalaridan foydalaniladi. Loyiha qiymati $30 million bo‘lib, mingga yaqin ish o‘rinlari yaratilgan.
«Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamasdan yangi O‘zbekistonni barpo qila olmaymiz. Agar sizlar tinimsiz izlanib, birlashsangiz, Samarqandda kambag‘al degan qatlam qolmaydi. Harakatda bo‘lib, O‘zbekiston nomini jahonga tanitishdek imkoniyatga egasiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tashrif doirasida Samarqandda turkiyalik hamkorlar bilan ko‘p tarmoqli shifoxona barpo etilishi ma’lum qilindi. Bu loyiha ming nafar mutaxassisni ish bilan ta’minlaydi.
Shuningdek, Bulung‘urda xitoylik investorlar bilan dori vositalari ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Shu qatorda Xitoy kompaniyalari tomonidan Urgutda ipak tolasi va mato ishlab chiqarish majmuasi hamda Nurobodda sanoat texnoparki qurilib, Pastdarg‘omda ko‘chma inshootlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident Samarqandda xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida ishtirok etishi haqida yozgandi.