
Toshkent shahrida atmosfera havosining keskin ifloslanishi kuzatilayotgani sababli ekologik vaziyatini yaxshilash maqsadida keng ko‘lamli reydlar boshlandi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning topshirig‘iga binoan Ekologiya qo‘mitasi va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ekoreydlar o‘tkazildi. Yarim tunda o‘tkazilgan reydlarda issiqxonalar, turli pechlar va havoga zararli moddalar chiqarayotgan korxonalar faoliyati tekshirildi.
Ishchi guruh ekologik me’yorlarni buzayotgan obyektlarni aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgiladi. Shuningdek, havo sifati monitoringi ham olib borilmoqda va ifloslanishga sabab bo‘layotgan asosiy omillarni aniqlash ishlari boshlandi.
Ma’lumot uchun, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi sanoat korxonalariga atmosfera havosiga chiqariladigan zararli moddalarni ikki baravar kamaytirish topshirig‘ini bergan edi. Buning uchun ularga 2025-yil 1-dekabr sanasigacha muhlat berildi. Bajarmaganlar uchun kompensatsiya to‘lovlari besh baravarga oshiriladi va faoliyatlariga nisbatan ma’muriy yoki jinoiy choralar ko‘riladi.
Sal oldinroq esa Shavkat Mirziyoyev «Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Farmonga muvofiq, poytaxtda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni amalga oshirish uchun maxsus komissiya tuzildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ekoqo‘mita barcha qurilish tashkilotlaridan atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan talablarga qat’iy rioya qilishni talab qilgan edi.