
Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Samarqand viloyatida olib borilayotgan yirik infratuzilma va iqtisodiy loyihalar haqida ma’lumot berildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Imom Buxoriy maqbarasi hududi 45 gektargacha kengaytirilib, 10 ming o‘rinli masjid va innovatsion muzey qurildi. Hududda mehmonxonalar va mehmon uylari barpo etilishi davom etmoqda. Indoneziya va Malayziyadagi yirik turistik kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirish orqali turistlar oqimini oshirish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda viloyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari ham e’tirof etildi. So‘nggi 8 yilda $12 mlrdlik investitsiya jalb qilindi, 600 ming doimiy ish o‘rni yaratildi, tadbirkorlar soni ikki baravar oshdi. Sanoat hajmi 1,7 barobar, ishlab chiqarish korxonalari esa 1,5 barobar ko‘paydi. 55 ta davlatdan investorlar kelib, 700 ga yaqin xorijiy korxonalar faoliyat boshlagan. 2024 – 2025-yillarda 15 mln kv.m uy-joy va tijorat obyektlari qurildi. Viloyat YAIMi 2016-yildagi 23 trln so‘mdan 2025-yilda 120 trln so‘mga yetishi ma’lum qilindi.
Aholi sonining tez o‘sishi tufayli viloyatda urbanizatsiya jarayonlari jadallashmoqda. Samarqand aholisi 4,3 mlndan oshgan bo‘lib, yiliga 100 – 110 ming kishiga ko‘paymoqda. 600 mingdan ortiq aholiga ega bo‘lgan Urgut tumani sanoatlashgan hudud sifatida tanildi. Tumanda $860 mlnlik 74 loyiha ishga tushgani, 55 km temir yo‘l liniyasining foydalanishga topshirilgani ta’kidlandi. Uni elektrlashtirish kelasi yilda yakunlanadi.

Urgut markazini zamonaviy shahar darajasiga olib chiqish uchun alohida loyiha tasdiqlandi. «Yangi O‘zbekiston» massivi yonidan 90 gektar yer ajratilib, 100 ming aholiga mo‘ljallangan eko-shahar barpo etiladi. Loyiha infratuzilmasiga $50 mln yo‘naltiriladi. 3 gektarlik hududda 35 ta tashkilotni birlashtiruvchi ma’muriy markaz qurilishi rejalashtirilgan.
Samarqand shahrining hududi ham kengaytiriladi. Oqdaryo, Payariq, Pastdarg‘om, Toyloq va Samarqand tumanlarining 17,5 ming gektar yer maydoni shahar tarkibiga kiritiladi. Aholi soni 604 mingdan 882 mingga yetadi. «Shirin», «Temiryo‘l orti» va «Qorasuv-2» hududlarida jami 310 ming aholi uchun mo‘ljallangan turarjoy massivlari barpo etiladi. Ushbu hududlarda maktab, bog‘cha, shifoxona, oliygoh, biznes markazlari va ko‘ngilochar obyektlar ham quriladi.

Xalq deputatlari Kengashi sessiyasida Adiz Boboyev Samarqand viloyati hokimi etib tasdiqlandi. Davlat rahbari undan yangi ish o‘rinlari yaratish, investitsiya va eksportni oshirish, ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish va energiya samaradorligini kuchaytirishni talab qildi. Urgutda kambag‘allik va ishsizlikni 2 foizgacha tushirish vazifasi ham belgilandi.
Yangi temir yo‘l tufayli 1,2 ming sanoat korxonasining tashish xarajatlari 6 – 8 foizga arzonlashadi. Temir yo‘l bo‘ylab 3 ta logistika markazi qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu 2 mingga yaqin korxonalar xarajatlarini yana 10 – 15 foizga kamaytiradi. Sanoatga raqamlashtirish va sun’iy intellekt joriy etilishi samaradorlikni 20 foizga oshirishi aytildi.

Urgutda yiliga $40 mlnlik mahsulot eksport qilinmoqda, ammo bu ko‘rsatkich salohiyatga nisbatan past ekani ta’kidlandi. Suriya, Iroq va Afg‘onistonda mavjud $30 mlrdlik bozorga kirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahrida Tovar-xomashyo birjasi filiali ochilishi, Iroq va Suriyada savdo maslahatchilari faoliyat boshlashi rejalashtirilgan.
Tumanga tashrif buyurayotgan sayyohlar soni yil boshidan 500 ming xorijiy va 1 mln mahalliy kishiga yetgani qayd etildi. «Qortog‘» hududida 600 gektarli turizm zonasi, «Qoratepa» suv ombori atrofida esa «Eko shaharcha» qurish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Urgutda turistik-rekreatsion zona direksiyasi tashkil etilib, loyihalarga 50 mlrd so‘m ajratiladi.

Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun kelasi yilda 260 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Tinchlik mahallasida logistika markazi, «Navoiyshoh» ko‘chasida tunu kun ishlaydigan savdo-servis hududi barpo etiladi. 8 ta mahallani rivojlantirish uchun Islom taraqqiyot bankidan $10 mln jalb qilinmoqda. Chegara hududlardagi 15 ta mahallada mehmon uylari qurish uchun 10 mlrd so‘m ajratilishi ham rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Urgutdagi qiymati 30 million dollarlik sanoat korxonasi bilan tanishgan edi.