Yangi yil dasturxoni: an’anaviy taomlar va bayramona salatlar retseptlari

25-noyabr 2025 00:30 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: freepik.com

Yangi yil kechasi o‘ziga xos taomlarsiz tasavvur qilinmaydi. Uzoq vaqt davomida o‘z o‘rnini yo‘qotmagan Olivye, Shuba salatlari, an’anaviy bayram ovqatlari ko‘pchilik oilalarda tantananing ajralmas qismiga aylangan. 2026 — ot yili hisoblanadi. Bayram stolini yilga hamohang tarzda bezatish ham alohida ahamiyat kasb etadi.

Kursiv Uzbekistan mutolaachilarga Yangi yil uchun ovqatlar, salatlar va dasturxon bezash uchun g‘oyalarni taqdim etadi.

Ushbu maqolada quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:

Bayramni yaxshi kutib olish uchun reja

Mutaxassislar Yangi yil menyusini bir necha kun oldin rejalashtirishni tavsiya qiladi. Bunda mehmonlar soni, ularning didi va ovqatlanish odatlarining hisobga olinishi muhim omil bo‘ladi. Avvaliga uzoq muddat saqlanadigan taomlar uchun tayyorgarlik ishlari bajariladi, 31-dekabrda esa salatlar hozirlanadi, dasturxon bezatiladi va issiq taomlar so‘nggi daqiqalarda pishiriladi.

Bayramona salatlar: nozik rulon shaklidagi Shuba salati

Foto: freepik.com

An’anaviy Shuba’ning yangi talqini rang-barang sabzavotlar va seld balig‘i bilan tayyorlanadigan rulon hisoblanadi. U nafaqat ko‘rinishi bilan, balki pishirish jarayonining ixchamligi bilan ham qulay. Tayyor massani bir necha soat sovitish uni yanada chiroyli qiladi. Kursiv Uzbekistan ushbu salatning tayyorlanish retsepti bilan tanishtiradi.

Masalliq nomiMiqdori
Kartoshka400 g
Qizil lavlagi500 g
Qizil sabzi200 g
Tuxum3 dona
Piyoz130 g
Seld balig‘i go‘shti300 g
Tuz va murchTa’bga ko‘ra
Mayonez200–250 g

1-bosqich. Lavlagini pishirish

Lavlagini yaxshilab yuvib, sanchiq bilan bir necha joyidan teshib chiqiladi. Folgaga o‘rab, 200°C da qizdirilgan pechda taxminan 1,5 soat pishiriladi. Sovigach po‘sti archiladi, ortiqcha suvi dokada siqib olinadi.

2-bosqich. Sabzavotlarni tayyorlash

Kartoshka va sabzi tuzli suvda yumshaguncha qaynatiladi. Sovigach qirg‘ichning katta tishidan chiqariladi va alohida idishlarga solinadi.

3-bosqich. Tuxumlarni pishirish

Tuxumlar sovuq suvga solinib qaynatiladi. Qaynash boshlangandan keyin 8–10 daqiqa pishiriladi. Sovuq suvga solib sovutiladi, tozalanadi va mayda qilib to‘g‘raladi yoki qirg‘ichdan chiqariladi.

4-bosqich. Piyoz tayyorlash

Piyoz juda mayda qilib to‘g‘raladi.

5-bosqich. Seldni tayyorlash

Seld filesi mayda kubik shaklida to‘g‘raladi.

6-bosqich. Rulet uchun asos tayyorlash

Taxtakach ustiga oziq-ovqat pelyonkasi yoziladi. Birinchi qatlam sifatida lavlagi solinadi va ustidan yupqa paket qo‘yilib tekis bosiladi. Paket olib tashlanib, mayonez surtiladi.

7-bosqich. Qatlamlarni yig‘ish

Lavlagidan so‘ng kartoshka sepiladi, yana paket bilan tekis bosiladi va mayonez surtiladi.
Keyingi qatlamga tuxum solinadi, ustiga ozroq mayonez surtiladi.
So‘ng qirg‘ichdan chiqarilgan sabzi joylashtiriladi va mayonez bilan yengil surtiladi.

8-bosqich. O‘rta qismga seld va piyoz qo‘yish

Ruletning markaziga uzun yo‘l shaklida seld go‘shti va piyoz solinadi.

9-bosqich. O‘rash bosqichi

Pelyonkaning bir tomonidan ushlab salat ehtiyotlik bilan rulet shakliga keltirib o‘raladi. Mustahkam bo‘lishi uchun qattiqroq mahkamlanadi.

10-bosqich. Sovutish

Rulet pelyonkasi bilan 2–3 soat, eng yaxshisi bir kechaga muzlatkichga qo‘yiladi. So‘ng likopchaga olinib, pelyonkasidan chiqariladi va ko‘katlar bilan bezatiladi

Olivye salati

Foto: freepik.com

Eng mazali va ko’pchilikning doimiy tayyorlaydigan salatlaridan biri bu Olivye»= salatidir. Bunday salatsiz hech qaysi bayramni, ayniqsa yangi yil oqshomini tasavvur etib bo‘lmaydi.

Bayram dasturxonini yana bitta salat bilan boyitish uchun «Kursiv» retseptidan foydalaning

Masalliq nomiMiqdori
Kartoshka3 dona
Qizil sabzi3 dona
Tuxum4–5 dona
Qaynatilgan kolbasa350 g
Konservalangan yashil no‘xat1 banka
Marinadlangan bodring4–5 dona
Shivit (ko‘kat)Yarim bog‘
Mayonez250 g
Tuz va murchTa’bga ko‘ra

1-qadam. Kartoshka va sabzini tuz qo‘shilgan suvda yumshaguniga qadar qaynatib olamiz. Sovutib, po‘stini tozalaymiz.

2-qadam. Tuxumni alohida idishda qaynatamiz. Suv qaynagandan so‘ng 10 daqiqa pishirish kifoya. Sovutib, po‘stidan tozalaymiz.

3-qadam. Kartoshka, sabzi, tuxum, qaynatilgan kolbasa va marinadlangan bodringni teng, mayda to‘rtburchak shaklda to‘g‘raymiz.

4-qadam. Barcha to‘g‘ralgan masalliqlarni katta idishga solamiz. Ustidan yashil no‘xat, mayda to‘g‘ralgan shivit, mayonez, tuz va murch qo‘shib yaxshilab aralashtiramiz.

5-qadam. Salatni likopchaga solib, shakl berib, dasturxonga tortamiz. Xohishga ko‘ra ko‘kat bilan bezash mumkin.

Eslatmalar va maslahatlar: bodringni ortiqcha shirasi bilan solmaslik kerak — salatni suyuq qilib yuboradi. Salatni bir necha soat sovitib qo‘yilsa, ta’mi yanada yaxshi bo‘ladi. Istasangiz, kolbasa o‘rniga qaynatilgan tovuq go‘shti ishlatishingiz mumkin.

«Bayram» torti shaklidagi salat

Foto: freepik.com

Bayram dasturxonini yanada sermazmun qilish uchun tovuq go‘shtidan tayyorlangan ko‘p qavatli tort-salat yaxshi tanlov bo‘ladi. Tovuq go‘shti boshqa masalliqlar bilan qatlam-qatlam joylashtirilganda, nafaqat mazali uyg‘unlik hosil qiladi, balki salatning tashqi ko‘rinishi ham yanada jozibali bo‘ladi. Ayniqsa salatni dumaloq shaklda tayyorlash uni haqiqiy bayramona taomga aylantirib, har bir qatlamning ko‘rinishini ajratib turadi.

Masalliq nomiMiqdori
Konservalangan ananas4–5 dona (halqa)
Qaynatilgan tovuq go‘shti400 g
Qaynatilgan kartoshka400 g
Konservalangan makkajo‘xori0,5 banka
Qaynatilgan sabzi200 g
Qaynatilgan tuxum3 dona
Qattiq pishloq100 g
Marinadlangan shampinyon150 g
Mayonez200 g
Tuz va murchTa’bga ko‘ra

1-qadam. Tayyorlash ishlari
Kartoshka, sabzi va tuxumni qaynatib oling. Tovuqlarni avval pishiring. Ananas, shampinyon va qolgan masalliqlarni tayyorlab oling.

2-qadam. To‘g‘rash va qirg‘ichdan chiqarish
Kartoshka va sabzi qirg‘ichning katta tishidan chiqariladi. Tuxum, tovuq go‘shti, ananas mayda kubik shaklida to‘g‘raladi. Shampinyon — parrak qilib kesiladi, pishloq esa qirg‘ichdan chiqariladi.

3-qadam. Qolipni tayyorlash

20 sm lik tort qolipining halqasini likopcha ustiga qo‘ying — salat shaklini ushlab turadi.

4-qadam. Birinchi qatlamlar
1-qavat: kartoshka + mayonez + tuz/murch
2-qavat: shampinyon
3-qavat: sabzi + ozgina mayonez

5-qadam. O‘rta qavatlar
4-qavat: ananas
5-qavat: tovuq go‘shti + mayonez

6-qadam. Yakuniy qavatlar
6-qavat: makkajo‘xori
7-qavat: tuxum + mayonez
8-qavat: pishloq

7-qadam. Sovitish
Salatni qolipdan ochmasdan turib 1 soatga sovitkichga qo‘ying, shunda qatlamlar yaxshiroq shakllanadi.

8-qadam. Qolipdan chiqarish va bezash
Halqani ehtiyotkorlik bilan yeching. Xohishga ko‘ra ko‘kat, ananas bo‘laklari yoki makkajo‘xori bilan bezatib dasturxonga torting.

Eslatma va maslahatlar: ananas salatga juda yoqimli shirinlik va yumshoqlik beradi — muvozanatni buzmaslik uchun ko‘p solmang. Tovuqni qovurilgan emas, aynan qaynatilgan holda solish salatni yengil va bayramona qiladi. Ko‘p qatlamli salatlar sovuq holda yanada mazali bo‘ladi.

Bayramona taomlar: gaz pechida pishirilgan kurka go‘shti

Foto: Shutterstock/FOTODOM

Bayramda asosiy taomlar muhim rol o‘ynaydi. Uy bekalari esa nima tayyorlashni bilmasdan qiynalishadi. Kursiv’dan barchaga birdek manzur keladigan bayram taomlari retseptini kutib oling.

Bo‘limMasalliqlarMiqdori
AsosiyButun kurka1 dona
Tuzli eritma (ivitish) uchunTuz10 osh qoshiq
Shakar5 osh qoshiq
Suv5 litr
Marinad uchunAsal2–3 osh qoshiq
Limon sharbati1 dona limondan
Xantal donachalari1–2 osh qoshiq
Zaytun moyi4 osh qoshiq
Soya qaylasiTa’bga ko‘ra

1-qadam: Kurkani tozalab yuving. Uni sersuv va mayin bo‘lishi uchun tuzli eritmada ivitish kerak bo‘ladi. Buning uchun kurkani katta idishga joylashtirib, ustidan ustini to‘liq yopguncha suv quying. Alohida idishda 1 litr suvga 2 osh qoshiq tuz va 1 osh qoshiq shakar solinadi (5 litrlik nisbat saqlanadi). Eritmani kurka ustiga quying. Kurkani bir kechaga (8–10 soat) ivitib qo‘ying.

2-qadam: Marinad tayyorlang: limon sharbati, zaytun yog‘i, asal va xantal donachalarini aralashtiring. Ta’tib ko‘ring — agar shirinlik kam bo‘lsa, ozroq asal qo‘shing, juda shirin bo‘lsa, biroz soya qaylasi soling.

3-qadam: Kurkani ivitishdan chiqarib, qog‘oz sochiq bilan quriting. Tayyorlangan marinadni go‘shtning ichiga va ustiga yaxshilab surtib chiqing.

4-qadam: Kurkani folga qog‘oziga o‘rang va 180°C haroratda 1.5–2 soat pishiring.

5-qadam: Vaqti kelganda folgani oching va haroratni 200°C ga oshiring. Kurkaning usti oltinrang qizarib pishguncha yana 20–30 daqiqa davomida pishiring. Pishirish vaqtida go‘sht ajratgan sharbatni ustidan quyib turing — bu kurkani yanada sersuv qiladi.

6-qadam: Pishgan kurkani pechdan chiqarib, 10–15 daqiqa dam bering. Shunda go‘sht tarkibidagi sharbat to‘g‘ri taqsimlanadi.

7-qadam: Kurkani butun holda yoki bo‘laklab, ko‘katlar, sabzavotlar yoki kartoshka garniri bilan torting.

8-qadam: Yoqimli ishtaha! Bayramona dasturxon uchun juda o‘rinli, jozibali va xushbo‘y taom tayyor bo‘ldi.

Eslatmalar va maslahatlar: Kurka qancha ko‘p ivitsa, shuncha yumshoq bo‘ladi. Marinadga sarimsoq qo‘shsangiz, ta’mi yanada boyiydi. Pishirishning oxirida folgani ochish kurkaga chiroyli qizarish beradi. Kurka og‘irligiga qarab pishirish vaqti 30–40 daqiqaga farq qilishi mumkin.

Mol go’shtidan Vellington taomi

Foto: freepik.com
MasalliqlarMiqdori
Mol go‘shti (bon-file)500–600 g
Qo‘ziqorin (shampinyon)400 g
Piyoz1 bosh
Lavash1 dona
Qatlama xamir500 g
Xantal (gorchitsa)2 osh qoshiq
Tuxum sarig‘i1 dona
Tuz va murchTa’bga ko‘ra

1-qadam: Qo‘ziqorinli qayla tayyorlash

Qo‘ziqorinlarni blenderda bir xil, silliq massaga aylantiring.

2-qadam: Piyozni pishirish

Piyozni mayda to‘rtburchak qilib to‘g‘rang, yog‘da qovuring.
Ustidan maydalan­gan qo‘ziqorin qo‘shing va suvi bug‘lanib ketguncha qovuring.

3-qadam: Go‘shtni tayyorlash

Mol go‘shti ortiqcha yog‘lardan tozalab, tuz va murch seping. Qizdirilgan tovada har tomoni 2 daqiqadan qovuring (medium — pushti bo‘lishini istasangiz 30 soniya kifoya). Sovuting va ustidan xantal surtib chiqing.

4-qadam: Xamirni yoyish

Qatlama xamirni 3–4 mm qalinlikda to‘rtburchak qilib yoying. Ustiga lavash qo‘ying — bu ortiqcha namlikni xamirga o‘tishdan himoya qiladi.

5-qadam: Qayla va go‘shtni joylash

Lavash ustiga qo‘ziqorinli qaylani tekis qilib surting. Ustiga go‘shtni qo‘ying va avval lavashga, keyin xamirga mahkam o‘rang.

6-qadam: Bezash va sovutish

Xamir ustini xohishga ko‘ra bezang. Rulonni 15 daqiqaga sovutgichga qo‘yib qo‘ying — shakli mustahkam bo‘ladi.

7-qadam: Pishirish

Pechni 200°C ga qizdiring. Vellingtonni 20 daqiqa pishiring. So‘ng haroratni 180°C ga tushiring va yana 20 daqiqa pishiring. Usti oltinrang bo‘lishi kerak.

8-qadam: Dam berish va tortish

Pishgan taomni 15 daqiqa dam oldiring. So‘ng bo‘laklab, issiq holida dasturxonga torting.

Eslatmalar va maslahatlar: eng yaxshi natija uchun bon-file ishlatiladi — mayin, suyaksiz qism. Tayyor mahsulotni sovutgichga qo‘yish xamirning yemirilmasligi uchun muhim. Qo‘ziqorinli qayla qancha quruq bo‘lsa, xamir shunchalik yaxshi pishadi. Istasangiz, qo‘ziqorin massasi o‘rniga duksen (qo‘ziqorin + piyoz + ko‘kat aralashmasi) ishlatish mumkin.

Yangi yilni Kursiv Uzbekistan bilan kutib oling!

Shuningdek