Yangi Zelandiyaning eng baland cho‘qqisida ikki alpinist halok bo‘ldi

Yangi Zelandiyaning eng baland nuqtasi hisoblangan Aoraki (Kuk) tog‘ida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida ikki nafar alpinist halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 3724 metr balandlikdagi cho‘qqiga ko‘tarilayotgan to‘rt kishilik guruhdan omon qolgan qolgan ikki kishi seshanba kuni tongda vertolyot yordamida qutqarilgan. Rasmiylarning ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlarning jasadlari xavfsizlik arqonlari orqali bir-biriga bog‘langan holda topilgan.
Ayni paytda murakkab sharoit sababli jasadlarni pastga olib tushish ishlari qiyinchilik bilan davom etmoqda. Omon qolganlar dushanba oqshomida favqulodda xizmatlarga xabar berishga ulgurgan va jarohatlarsiz evakuatsiya qilingan. Hozircha qurbonlarning shaxsi rasman oshkor etilmagan.
Aoraki tog‘i o‘zining injiq ob-havosi va chuqur muz yoriqlari bilan hatto tajribali alpinistlar uchun ham jiddiy sinov hisoblanadi. Ushbu hududda baxtsiz hodisalar tez-tez uchrab turadi. Deyarli bir yil avval AQSh va Kanadadan kelgan uch nafar alpinist bedarak yo‘qolgan va noqulay ob-havo tufayli qidiruv ishlari natija bermagach, ular halok bo‘lgan deb e’lon qilingan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Zelandiyaning O‘zbekistondagi elchisi tayinlangani haqida xabar bergan edi.