2024-yilda YTTB O‘zbekiston loyihalariga 938 million dollar ajratdi

Toshkent shahrida «Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo» uchinchi Iqtisodiy forumi o‘tkazildi. Forum doirasida turli sohalarga oid oltita hujjat imzolandi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan’ga ma’lumot taqdim qilindi.
Tadbirda 32 davlat hukumatlari, xalqaro tashkilotlar, yirik kompaniyalar va biznes vakillaridan iborat 400 dan ortiq xorijiy ishtirokchi qatnashdi.
O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev o‘z nutqida Yevropa Ittifoqi (YI) va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda sezilarli faollashganini ta’kidladi. So‘nggi yetti yilda o‘zaro savdo hajmi to‘rt barobar oshib, 54 mlrd yevroga yetgan. Yevropa Ittifoqi esa o‘n yil davomida mintaqaga 100 mlrd yevrodan ortiq investitsiya yo‘naltirib, asosiy investor maqomini saqlab qolmoqda.
Xodjayevning aytishicha, YI tomonidan taqdim etilgan GSP va GSP+ imtiyozli savdo rejimlari mintaqa davlatlari uchun Yevropa bozoriga barqaror kirish imkonini yaratdi, ishlab chiqarishning modernizatsiyasiga turtki bo‘ldi.
2024-yilda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining (YTTB) mintaqaga yo‘naltirgan investitsiyalari rekord darajaga $2,26 mlrdga yetdi. Shundan $938 millioni O‘zbekiston loyihalariga yo‘naltirilgan.
Forum doirasidagi Enhancing connectivity sessiyasida O‘zbekiston nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev qatnashib, transport bog‘liqligini oshirish, logistika infratuzilmasini yangilash va jarayonlarni raqamlashtirish mintaqa raqobatbardoshligini kuchaytiruvchi asosiy omillar ekanini qayd etdi.
Tadbir yakunida ekologik tiklanish, irrigatsiya, geoma’lumotlarni boshqarish, qiymat zanjirlari, tartibga solish tizimini takomillashtirish va mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha oltita hujjat imzolandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qambarota GES-1 qurilishiga YTTB va Yevropa investitsiya banki mablag‘ ajratishi haqida yozgandi.