BMT: har kuni 137 nafar ayol yaqinlari qo‘lida halok bo‘lmoqda

2024-yilda dunyo bo‘yicha 83 ming ayol va qiz qasddan o‘ldirilgan, shundan 50 ming nafari, ya’ni 60 foiziga turmush o‘rtoqlari yoki oila a’zolari sababchi bo‘lgan. Ushbu statistika BMT tomonidan taqdim etildi.
Bu har 10 daqiqada bir nafar, har kuni esa 137 nafar ayol yaqinlarining qurboniga aylanayotganini anglatadi.
Zo‘ravonlik ko‘rsatkichlari ancha yillardan beri kamaymayapti
BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (NJB) va BMT-ayollar tuzilmasi global majburiyatlar va profilaktika choralariga qaramay, gender asosidagi qotilliklar soni barqaror kamaymayotganini ta’kidladi. 2024-yilda qayd etilgan 83 ming ayol-qizning aksariyati uy sharoitida halok bo‘lgan.
Taqqoslash uchun, erkaklarning 11 foizi oila a’zolari yoki jinsiy sheriklari tomonidan o‘ldirilgan, bu ko‘rsatkich ayollarda 60 foizni tashkil etadi.
Onlayn zo‘ravonlik — real hayotdagi qotilliklarning boshlanishi
BMT-ayollar bo‘limi direktori Sara Xendriks femitsidlar ko‘pincha nazorat qilish, qo‘rqitish, onlayn tahdidlar bilan boshlanishini aytib o‘tdi.
«Zo‘ravonlikning virtual shakllari ko‘pincha jismoniy bosimga, eng yomon holatda qotillikka olib keladi. Har bir ayol xavfsizlik huquqiga ega», — deydi u.
Saraning fikricha, femitsidlarning oldini olish uchun onlayn va oflayn zo‘ravonlikning barcha shakllariga o‘z vaqtida nazoratga olish zarur.
Uy hanuz eng xavfli joylardan biri — BMT
«Ko‘plab ayollar uchun uy — xavfli joyligicha qolmoqda. Bu holatni o‘zgartirish uchun jinoyatlarni tergov qilish va oldini olish mexanizmlarini kuchaytirish kerak», — dedi NJB rahbari vazifasini bajaruvchi Jon Brandolino.
Qaysi mintaqalarda femitsid ko‘p?
Jinsiy sheriklar yoki oila a’zolari tomonidan sodir etilgan qotilliklar eng ko‘p qayd etilgan darajadagi hududlar:
- Afrika — har 100 ming ayolga 3 ta holat;
- Amerika — 1,5;
- Okeaniya — 1,4;
- Osiyo — 0,7;
- Yevropa — 0,5.
BMT davlatlarga gender asosidagi qotilliklarni statistika bo‘yicha yagona standartlar asosida qayd etish va tasniflashni yo‘lga qo‘yayotganini ma’lum qildi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda onalar o‘limi 25 foizga kamaygani haqida yozgandi.