Yangiliklar

Bojxona qiymati deklaratsiyasini to‘ldirish bo‘yicha yangi tartib tasdiqlandi

Bojxona qiymati deklaratsiyasi elektron yoki qog‘oz shaklida to‘ldiriladi
Boj
Bojxona qiymati deklaratsiyasini to‘ldirish bo‘yicha yangi tartib tasdiqlandi / Foto: Roman Fedotov/Kursiv Uzbekistan

Bojxona hududidan olib chiqiladigan tovarlarning bojxona qiymati deklaratsiyasini to‘ldirish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Adliya vazirligida bojxona hududidan olib chiqiladigan tovarlarning bojxona qiymati deklaratsiyasini to‘ldirish tartibi bo‘yicha yo‘riqnoma davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Yo‘riqnomaga binoan, bojxona qiymati deklaratsiyasi elektron yoki qog‘oz shaklida to‘ldiriladi. Undagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi elektron shaklda deklaratsiya beruvchi shaxsning ERI bilan, qog‘oz shaklida esa uning imzosi bilan tasdiqlanadi.

Deklaratsiya ikki asosiy varaqdan iborat bo‘ladi. Birinchi varaqda deklaratsiya qilinayotgan barcha tovarlarga oid umumiy ma’lumotlar keltiriladi. Ikkinchi varaqda esa tovarlarning bojxona qiymatini aniqlashda qo‘llangan ma’lumotlar hamda qiymatni hisoblash tartibi bayon etiladi.

Deklaratsiya taqdim etilgach, bojxona xodimi uning to‘g‘ri to‘ldirilganini hamda tovarning deklaratsiya qilingan bojxona qiymatini tasdiqlovchi hujjatlarning mavjudligini dastlabki tarzda tekshiradi. Agar tekshiruv jarayonida kamchiliklar aniqlansa, ulardan xabardor qilish uchun deklaratsiya beruvchiga darhol ma’lumot beriladi.

Ma’lumot o‘rnida, agar kamchiliklar topilmagan taqdirda, bojxona qiymati deklaratsiyasi rasmiylashtirish uchun qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ko‘z shox pardasi bioprotezlarini qo‘llash tartibi tasdiqlangan edi.