
Chery o‘zining yangi yirik SUV modeli Chery Fulwin T9L avtomobilini 2026-yil mart–aprel oylarida Xitoy bozoriga chiqarishini tasdiqladi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Model birinchi bor 2025-yil Guanchjou avtosalonida namoyish etilgan. T9L Fulwin subbrendi ostida ishlab chiqariladi, bu brend 2025-yilda gibrid va elektr segmentlarida faol kengaymoqda.
Krossoverning uzunligi 4870 mm, eni 1930 mm, g‘ildiraklar bazasi esa 2920 mm. Model Kunpeng plug-in gibrid platformasida qurilgan va Falcon 700+ aqlli haydash tizimi bilan jihozlangan. Ushbu tizim Horizon Robotics’ning Journey 6P chipida ishlaydi va to‘satdan piyoda chiqib qolishi yoki yo‘l qurilishlari kabi murakkab vaziyatlarga moslashishi mumkin.

Salon qismi Lingxi Smart Cockpit 2.0 tizimi bilan jihozlangan. Unda 3 nm protsessor, simsiz quvvatlash, 17,3 dyuymli 2.5K displey, «nol-gravitatsiya» old o‘rindiqlari mavjud.
Gibrid tizimning umumiy quvvati 260 kVt va 330 N·mga teng. To‘liq uzatmali versiya 0–100 km/soat tezlanishni 5 soniya atrofida bajarishi kutilmoqda. Chery gibrid dvigatelning issiqlik samaradorligi 45,79 foiz ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chery Fulwin T9L taqdim etilgani haqida yozgan edi.