Avto

Geely EX2 yangilangan versiyasi qanday ko‘rinishga ega

Model 2025-yil yanvardan oktabrgacha mamlakatda eng ko‘p sotilgan avtomobil bo‘lgan
Foto: CarNewsChina

Geely EX2 (Xingyuan) elektromobili Xitoyda sinov jarayonida rasmga olindi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Model 2025-yil yanvardan oktabrgacha mamlakatda eng ko‘p sotilgan avtomobil bo‘lgan.

EX2 Xitoy bozoriga 2024-yil oktabrda kirgan. Sotuvlar juda tez o‘sib, 2025-yilning 10 oyi davomida model 387 ming dona sotildi. Yil oxiriga kelib Geely ishlab chiqarish quvvati barqarorlashgani sabab EX2 ni eksport bozorlariga ham yo‘naltira boshladi.

Foto: Autohome

O‘lchamlar 4135×1805×1570 mm, g‘ildirak bazasi esa 2650 mmni tashkil etadi. Model oval shakldagi faralar, qora ustunlar, ko‘rinmaydigan tutqichlar va yopiq old panjarani saqlab qolgan.

Salon ancha o‘zgargan. Avval markaziy tunnelda bo‘lgan uzatma selektori endi rul ustuniga ko‘chirilgan. Rulda «Geome» yozuvi o‘rniga Geely Galaxy logotipi paydo bo‘lgan va shakli ham yangilangan. Markaziy tunnel va eshik kartalaridagi jismoniy tugmalar qayta ishlangan.

Foto: Autohome

U14,6 dyuymli sensorli ekran va 8,8 dyuymli asboblar paneli bilan jihozlangan. Texnik qism bo‘yicha ma’lumot berilmagan, ammo o‘zgarish kutilmasligi aytilmoqda. Hozirgi modelning bazaviy versiyasi 58 kVt (78 ot kuchi) elektromotor va 30,12 kVt/soat LFP akkumulyator bilan 310 km masofa bosadi. Kuchliroq variant esa 85 kVt (114 ot kuchi) motor va 40,16 kVt·soat batareya bilan 410 km yurish masofasini taklif qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely Galaxy 2026 Starship 7 EM-i 13,4 ming dollardan sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.