
iQOO 15 global versiyasi 820 dollar narx bilan sotuvga chiqdi. Bu haqda Equal Leaks nashri xabar bermoqda.
Model Xitoyda eng arzon Snapdragon 8 Elite Gen5 flagman sifatida tanilgan edi. Hindistonda narx biroz yuqori, lekin boshqa smartfonlar kabi ikki baravar oshmagan. Xitoyda 12/256 GB versiya subsidiyasiz $590 bo‘lsa, Hindistonda ayni konfiguratsiya $820 dan sotiladi. 16/512 GB versiya esa $895 deb belgilangan.
Smartfonning global versiyasi spesifikatsiya jihatidan Xitoy modelidan farq qilmaydi. Unda Samsung ishlab chiqargan 6,85 dyuymlik 2K displey bor. Ekran 144 Hz yangilanish chastotasini taklif qiladi. Asosiy kamera tizimi uchta 50 megapikselli sensor asosida ishlaydi. Asosiy modul Sony IMX921, keng burchakli modul Samsung JN1, periskop kamera esa Sony IMX882 bo‘lib, 3 baravar optik va 100 baravar kombinatsiyalangan zumni qo‘llab-quvvatlaydi.

Batareya sig‘imi 7000 mA/soatga teng. Zaryadlash quvvati esa 100 Vt. Qurilma Android 16 bilan ishlaydi. iQOO 15 uchun 7 yil davomida yangilanishlar va 5 yil davomida Android versiya yangilanishlari kafolatlangan.
Model IP69 himoya standartiga ega. Unda IR-port, USB 3.2 Gen1, Wi-Fi 7, Bluetooth 6.0 va NFC mavjud. Qalinligi 8,1 mm va og‘irligi 215 gramm. Bu model global bozorda kuchli flagmanlar qatoridan o‘rin olishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan iQOO Neo11 smartfoni qanday imkoniyatlarga ega ekanligi haqida yozgan edi.