Yangiliklar

Janubi-sharqiy Osiyoda halokatli toshqinlar: Tailandda 300 yillik rekord yangilandi

Mintaqadagi suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida 150 nafardan ortiq inson halok bo‘ldi
Foto: AOL.com

Janubi-sharqiy Osiyoda kuzatilayotgan kuchli yomg‘irlar Tailand va qo‘shni davlatlarda keng ko‘lamli suv toshqinlariga sabab bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Tailandda bir kunda 335 mm yog‘ingarchilik qayd etilib, bu so‘nggi 300 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Tabiiy ofat oqibatida mintaqada umumiy hisobda 150 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgan. Tailandning janubidagi 10 ta provinsiyada vaziyat og‘ir bo‘lib turibdi.

Hat Yaidagi suv ostida qolgan avtomobillar / Foto: BBC

Malayziya bilan chegaradosh Hat Yai shahrida transport vositalari va uylar suv ostida qolgan, aholi tomlarda qutqaruvchilarni kutmoqda. Mamlakat bo‘ylab 2 milliondan ortiq kishi toshqinlardan jabr ko‘rgan bo‘lsa-da, hozircha atigi 13 ming kishi vaqtincha boshpanalarga ko‘chirilgan. Ko‘pchilik aholi tashqi dunyodan uzilib qolgan va yordamga muhtoj.

Qo‘shni davlatlarda ham talafotlar ortib bormoqda. Vyetnamda so‘nggi bir hafta ichida qurbonlar soni 98 nafarga yetdi. Malayziyada 19 mingdan ortiq aholi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. Indoneziya milliy qidiruv va qutqaruv agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Sumatrada yuz bergan ko‘chkilar oqibatida kamida 19 kishi halok bo‘lgan, yetti kishi esa hanuzgacha tuproq ostida qolmoqda.

Foto: AOL.com

Hududga aviatashuvchi kema, gumanitar yordam yuklangan 14 ta qayiq va kuniga 3000 kishini issiq ovqat bilan ta’minlay oladigan dala oshxonalari yuborilmoqda. Qutqaruv ishlari uchun qayiqlar va maxsus yuk mashinalari jalb qilingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Vyetnamdagi suv toshqinlari oqibatida 41 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.