
Adliya vazirligi ishlab chiqqan «tartibga solish gilotinasi» tamoyili asosida amalda ahamiyatini yo‘qotgan 800 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar bekor qilinadi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanalida e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, tadbirkorlik va boshqa sohalarda tartibga solishni soddalashtirishga qaratilgan «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Unda quyidagilar nazarda tutilgan:
- tadbirkorlar uchun moliyaviy operatsiyalarni «E-aktiv» tizimida aks ettirish majburiyati bekor qilinadi;
- ko‘chmas mulkka garov huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmati narxi ikki baravar kamaytiriladi;
- shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlar bo‘yicha bojxona imtiyozlari normasi to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarga yer uchastkasiga oid huquqni o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan rasmiylashtira olmagan taqdirda, muqobil hujjatlar asosida soliq imtiyozlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yildan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar firma nomiga ega bo‘lishiga ruxsat berilishi haqida yozgandi.