Oʻzbekiston JCh-2026 qurʼasida uchinchi savatdan joy oldi

26-noyabr 2025 10:05 eʼlon qilindi

Mirjalol Norqobilov

Mirjalol Norqobilov

Yangiliklar muharriri m.norqobilov@kursiv.media
Foto: O‘FA

FIFA 2026-yilgi Jahon chempionati qurʼasi uchun savatlarni eʼlon qildi. Unga ko‘ra, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 3-savatdan joy oldi.

Qurʼa tashlash marosimi 5-dekabr kuni AQShning Vashington shahridagi Kennedy Center majmuasida boʻlib oʻtadi. Turnirda ishtirok etuvchi jamoalar quyidagi tartibda savatlarga taqsimlangan:

1-savat: Kanada, Meksika, AQSh (mezbonlar), Ispaniya, Argentina, Fransiya, Angliya, Braziliya, Portugaliya, Niderlandiya, Belgiya, Germaniya.

2-savat: Xorvatiya, Marokash, Kolumbiya, Urugvay, Shveysariya, Yaponiya, Senegal, Eron, Janubiy Koreya, Ekvador, Avstriya, Avstraliya.

3-savat: Norvegiya, Panama, Misr, Jazoir, Shotlandiya, Paragvay, Tunis, Kot-dʼIvuar, Oʻzbekiston, Qatar, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika.

4-savat: Iordaniya, Kabo-Verde, Gana, Kyurasao, Gaiti, Yangi Zelandiya, Yevropa pley-off gʻoliblari (A, B, C, D), FIFA qitʼalararo pley-off bosqichi 1 va 2 gʻoliblari.

Foto: FIFA

Qurʼa jarayonida har bir guruh toʻrtta jamoadan iborat boʻladi, har bir savatdan bittadan terma jamoa tanlanadi. Shu sababli Oʻzbekiston 3-savatdan joy olgan Norvegiya, Panama, Misr, Jazoir, Shotlandiya, Paragvay, Tunis, Kot-dʼIvuar, Qatar, Saudiya Arabistoni va Janubiy Afrika bilan guruh bosqichida toʻqnash kelmaydi.

Shuningdek, bir konfederatsiya vakillari bir guruhga tushmasligi belgilangan. UEFA esa bundan mustasno, chunki Yevropa jamoalari soni koʻp.

Guruh bosqichida birinchi va ikkinchi oʻrinni egallagan jamoalar avtomatik ravishda pley-offga chiqadi. Ularga qoʻshimcha ravishda, uchinchi oʻrinni olgan terma jamoalarning eng yaxshi sakkiztasi ham keyingi bosqichga yoʻl oladi.

Qurʼa marosimida OʻFA rahbarlari, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro, murabbiylar shtabi va FIFA tomonidan taklif etilgan oʻzbek futboli afsonasi Mirjalol Qosimov ishtirok etadi.

Ma’lumot uchun, Jahon chempionati 2026-yil 11-iyundan 19-iyulgacha AQSh, Kanada va Meksika mezbonligida oʻtkaziladi. Oʻzbekiston bu mundialda oʻz tarixida ilk bor ishtirok etadi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston milliy terma jamoasi BAAda o‘tgan Al Ain International Cup musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek