O‘zbekiston 2030-yilda YIMni 200 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda

2030-yilga borib O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti (YIM) $200 milliardga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining budjetnomasida ma’lum qilindi.
Iqtisodiy o‘sish aholining jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadini $5 mingga yetkazish imkonini beradi. Ushbu ko‘rsatkichga erishish kambag‘allikni qisqartirish va aholining hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Vazirlik tashqi iqtisodiy xatarlarga qaramay, 2028-yilgacha bo‘lgan davr uchun iqtisodiy o‘sish prognozlarini yaxshiladi. Joriy yilda YIM 7 foizga, 2026 – 2027-yillarda ham 7 foizga o‘sishi, 2028-yilda esa 6,9 foiz bo‘lishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi budjet masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Kelgusi yildan boshlab budjet taqchilligi umumiy fiskal balans tarkibida, shu jumladan, dasturlar bo‘yicha depozitlar va kreditlarni inobatga olgan holda hisoblanadi. Bundan maqsad, budjet taqchilligini YIMning 3 foizidan oshirmaslikdan iborat.
Taxminlarga ko‘ra, kelgusi yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 515,4 trillion so‘mni, xarajatlari esa 567 trillion so‘mni tashkil etadi. Davlat qarzi YIMning 35 foiz atrofida saqlab qolinishi kutilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda kartoshka chipslariga aksiz solig‘i solinishi mumkinligi haqida yozgandi.