Yangiliklar

O‘zbekistonda kartoshka chipslariga aksiz solig‘i solinishi mumkin

1 kg uchun 15 ming so‘m
O‘zbekistonda kartoshka chipslariga aksiz solig‘i solinishi mumkin / Foto: Freepik

2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda kartoshka chipslariga aksiz solig‘i joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Soliq stavkasi 1 kg uchun 15 ming so‘mni tashkil etadi. Bu taklif Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan kiritildi.

Shuningdek, alkogol mahsulotlariga aksiz solig‘i oshiriladi: aroq va konyak kabi kuchli ichimliklar har litr uchun 48 ming so‘m, tabiiy vino — 10 ming so‘m, boshqa vinolar — 12 ming so‘m, pivo esa har bir litr uchun 4 ming so‘m miqdorida soliq bilan belgilanadi.

2026-yil fevralidan boshlab sigara, kalyan tamaki, qizdiriladigan tamaki va veyplarga solinadigan aksiz solig‘i 7 foizga oshiriladi. 2026-yil iyulidan esa sigaretlar uchun aksiz soliq yana 7 foizga ko‘tariladi.

Shirin va energetik ichimliklar uchun progressiv shkala joriy etiladi: mahsulot tarkibidagi shakar miqdori qancha ko‘p bo‘lsa, soliq ham shuncha yuqori bo‘ladi. 100 ml ichimlikda 5 g gacha shakar bo‘lsa — litriga 500 so‘m, 5–10 g bo‘lsa — 515 so‘m, 10 g dan ortiq bo‘lsa — 535 so‘m etib belgilanadi. Sun’iy shirinlashtiruvchi qo‘shilgan ichimliklar litriga 500 so‘mdan, energetik ichimliklar esa 2 150 so‘mdan soliq solinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda daromad solig‘i bo‘yicha beriladigan imtiyozdan qanday foydalanish mumkinligi haqida yozgan edik.