Yangiliklar

Rossiyada migrantlarning 60 mingga yaqin patenti bekor qilindi

Rossiyaga kelgan chet el fuqarolari asosli sababsiz doimiy yashash huquqiga tayanolmaydi
Foto: Ryazagro.ru

Rossiya Federatsiyada yil boshidan buyon 60 mingga yaqin migrantlarning ishlash ruxsatnomasi (patent) bekor qilindi. Bu haqda Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Aleksandr Grebenkin «RG» nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Grebenkinning ta’kidlashicha, Rossiyaga kelgan chet el fuqarolari asosli sababsiz doimiy yashash huquqiga tayanolmaydi. Ularning mamlakatda qolishi faqat belgilangan muddat asosida ruxsat etiladi. Muddat tugagach, ular Rossiyani tark qilishi shart. Shuningdek, ishlamaydigan yoki o‘qimaydigan migrantlar oilasi a’zolari uchun ham cheklovlar joriy etiladi.

So‘nggi yillarda Rossiya hukumati tomonidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan. Masalan, 3,5 yil ichida 12,4 mln dan ortiq chet el fuqarolari biometrik qaydga olingan. Bu avvalgi besh yilga nisbatan ancha ko‘p. 2025-yil fevraldan boshlab esa yashash yoki vaqtincha qolish huquqini yo‘qotgan shaxslarni deportatsiya qilishning yangi tartibi kuchga kirgan. Bunday shaxslar «nazorat ostidagi shaxslar reyestri»ga kiritiladi. Hozirda ro‘yxatda 775 mingdan ortiq kishilar bor.

Reyestr ochiq e’lon qilingan va undan 53 mln martadan ortiq foydalanilgan. Reyestrga kiritilgan migrantlarga xizmat ko‘rsatgan tashkilotlar ma’muriy javobgarlikka tortiladi. 2025-yilning 9 oyi ichida bu bo‘yicha 33,7 mingdan ziyod bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Rossiyada chet ellik ishchilar uchun tibbiy sug‘urta olish tartibi qiyinlashishi haqida yozgan edi.