Gadjetlar

Samsung’ning budjet smartfonlari One UI 8 yangilanishini oldi

Yangilanishni birinchi bo‘lib Galaxy A24, Galaxy A17 4G, Galaxy A16 4G va Galaxy A15 4G foydalanuvchilari olishmoqda
Foto: Sammobile

Samsung o‘zining arzon Samsung Galaxy A seriyasidagi bir nechta modellarga One UI 8 yangilanishini tarqata boshladi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.

Yangilanishni birinchi bo‘lib, Galaxy A24, Galaxy A17 4G, Galaxy A16 4G va Galaxy A15 4G foydalanuvchilari olishmoqda.

Hozircha yangilanish Janubiy Koreyada foydalanish uchun ochilgan. Global versiya esa yaqin kunlarda tarqatilishi kutilmoqda. Har bir model uchun yangilanish alohida firmware raqamiga ega:

  • A24: A245NKSU7EYK1;
  • A17 4G: A175NKSU1BYK2;
  • A16 4G: A165NKSU3CYK1;
  • A15 4G: A155NKSU6CYK1.

Galaxy A24 4G ilk bor yangi One UI versiyasiga o‘tmoqda. U 2023-yil may oyida Android 13 va One UI 6 bilan sotuvga chiqqan. Unga to‘rtta yirik Android yangilanishi va’da qilingan.

Galaxy A17 4G ikki oy oldin Android 15 va One UI 7 bilan taqdim etilgan bo‘lib, 6 yil davomida yangilanish oladi. Galaxy A16 4G 2024-yil noyabrida Android 14 va One UI 7 bilan bozorga chiqqan. Bu model ham 6 yil davomida qo‘llab-quvvatlanadi.

Galaxy A15 4G esa 2023-yil dekabrda Android 14 va One UI 7 bilan chiqarilgan. Qurilma kelajakda Android 18 versiyasini ham oladi.

One UI 8 yangilanishi ushbu arzon segmentdagi smartfonlarga tezroq ish rejimi, yaxshilangan interfeys, optimizatsiya va yangi funksiyalarni olib keladi. Samsung budjet segmentida ham uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S25 seriyasi uchun yangilanish taqdim etilishi haqida yozgan edi.