
Professional tennischilar assotsiatsiyasi (ATP) haftalik yangilangan reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra Sergey Fomin O‘zbekistonning birinchi raqamli raketkasiga aylandi.
Sergey Fomin M25 toifasiga kiruvchi turnirda g‘alaba qozonib, o‘z hisobiga 23 ochko qo‘shib oldi va umumiy reytingda 47 pog‘ona yuqorilab, 349-o‘rinni egalladi. Bu natija unga uch yillik tanaffusdan keyin mamlakatning eng kuchli tennischisi bo‘lish imkonini berdi.

Avvalgi yetakchi Humoyun Sultonov esa 46 pog‘ona pastladi. Ayni paytda u dunyo reytingida 523-o‘rinda bo‘lib, O‘zbekistonning ikkinchi raketkasiga aylandi. O‘zbekistonlik tennischilar orasida uchinchi o‘rinda borayotgan Maksim Shin 11 pog‘ona yuqorilab, 975-o‘ringa joylashdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sergey Fomin Xitoydagi turnirda g‘olib bo‘lgani haqida xabar bergan edi.