Shavkat Mirziyoyev Prezident Olimpiadasini ochib berdi — foto

Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasidagi stadionda Prezident Olimpiadasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbirda hududiy saralash musobaqalaridan muvaffaqiyatli o‘tgan sportchilar va jamoalar, shuningdek, jahon, Osiyo va Olimpiya o‘yinlari chempionlari ishtirok etdi. Katta sport bayrami chorlov musiqasi ostida boshlandi va davlat rahbari nutq so‘zladi.
Davlat yetakchisi nutqida Prezident Olimpiadasi O‘zbekiston yoshlarini olimpiya harakatining ezgu g‘oyalari asosida birlashtiruvchi birinchi yirik sport tadbiri ekanini ta’kidladi. So‘nggi sakkiz yilda sport sohasiga e’tibor oshirilgani, budjet mablag‘lari 250 mlrd so‘mdan 3 trln so‘mga yetgani, sport murabbiylarining o‘rtacha maoshi 7 barobar ko‘paygani va yuzlab yangi sport obyektlari qurilgani qayd etildi. Shu bilan birga, chekka qishloqlarda 2 mingga yaqin sport maydonchalari barpo etilib, 14 ta Olimpiya va Paralimpiya markazi zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlandi.
Prezident Olimpiadasining maqsadi eng iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni katta sportga yo‘naltirishdir. Musobaqaning tuman va viloyat bosqichlarida 100 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi, eng yuqori natijaga erishgan 3 mingdan ziyod ishtirokchilar esa Prezident Olimpiadasiga yetib keldi.

G‘oliblar maxsus sovrinlar va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi, shuningdek, ular terma jamoalarga yo‘naltiriladi va Olimpiya hamda Paralimpiya markazlarida stipendiya bilan ta’minlanadi. Marosim shuningdek teatrlashtirilgan madaniy dastur bilan davom etdi, Olimpiya mash’alasi yoqildi va O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi. Shavkat Mirziyoyev shaxmatchimiz Javohir Sindarovni Jahon kubogidagi g‘alabasi bilan shaxsan tabrikladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Samarqand viloyatida olib borilayotgan yirik infratuzilma va iqtisodiy loyihalar haqida ma’lumot berilgan edi.











