Yangiliklar

Toshkentdagi dorixonalarda niqob tanqisligi kuzatilmoqda

Ko‘pchilik dorixonalarda faqat oddiy tibbiy niqoblar sotilmoqda
Foto: Unsplash

Toshkentda havo sifati yomonlashgani uchun respirator (niqob) ga talab keskin oshdi. Kursiv Uzbekistan muxbirining xabar berishicha, beshta tasodifiy dorixonadan faqat bittasida maxsus respiratorlar mavjud. Qolgan dorixonalarda faqat oddiy tibbiy niqoblar sotilmoqda.

Dorixona xodimlari savdoning oshishi aynan havodagi chang miqdori ko‘paygani bilan bog‘liq ekanini tasdiqladi. Ulardan biri aholi ko‘proq oddiy niqob sotib olayotganini, lekin bunday niqoblar PM2.5 zarrachalariga qarshi foydasizligini ta’kidladi. Farmatsevtlar oddiy niqoblar chang va smogdan himoya qilmasligini aytmoqda.

26-noyabr soat 15:00 dagi holatga ko‘ra, Toshkentda PM2.5 darajasi 120 mkg/m³ ni tashkil etdi. Havo sifati AQI bo‘yicha 196 bo‘lib, bu «juda zararli» toifasiga kiradi. Mutaxassislar bu daraja o‘pka uchun xavfli ekanini va uzoq muddat nafas olish kanserogen ta’sirga ega bo‘lishi mumkinligini aytadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda changlanishni kamaytirish uchun namlik purkovchi qurilma sinovdan o‘tkazilayotgani haqida yozgan edi.