
Toshkent viloyati va Toshkent shahrida yer maydonlaridan foydalanish jarayonida korrupsion amaliyotlar aniqlanib, ushbu holatlar bo‘yicha ikki jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Birinchi holatda, Toshkent viloyati hokimligining investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi bosh mutaxassisi, Toshkent shahrida xususiy faoliyat yurituvchi notarius yordamchisi, 1980-yilda tug‘ilgan rieltor va 1996-yilda tug‘ilgan shaxs tadbirkorlik bilan shug‘ullanish niyatida bo‘lgan fuqaroni aldab, uning ishonchiga kirgan.
Ular Chirchiq shahrida joylashgan va ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi MChJ balansidagi 8,5 gektar yer maydonini fuqaroga $6,8 mlnga sotish, shuningdek, ushbu hududga elektr, gaz, oqova suv va qurilish ishlari uchun kerakli texnik shartnoma va ruxsatnomalarni taqdim etish evaziga qo‘shimcha $500 ming, jami $7,3 mln talab qilgan. DXX, IIV va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligidagi tadbirda ular $160 mingni olayotgan vaqtlarida ushlandi. Hozirda ushbu shaxslar JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoiy javobgarlikka tortildi.
Ikkinchi holatda, Toshkent shahrida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan fuqaro 2022-yil oktabrida maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchasi qurish maqsadida Yashnobod tumanida joylashgan 80 m² yer maydonini «E-auksion» dasturi orqali 49 yilga ijara oladi. Turli sabablarga ko‘ra qurilish ishlari to‘xtab qoladi va yer maydoni uzoq muddat davomida foydalanilmaydi. Natijada, 2025-yil sentyabrida Yashnobod tuman hokimligi ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritadi.
Tadbirkor tomonidan asoslovchi hujjatlar taqdim etilganidan so‘ng, sud uning foydasiga qaror qabul qiladi. Shu jarayonda Yashnobod tuman hokimligi bosh yuriskonsulti xizmat mavqeidan foydalanib, sudning qarori ustidan apellyatsiya arizasi bermaslik evaziga tadbirkordan $5 ming talab qiladi. DXX Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda bosh yuriskonsult tamagirlik yo‘li bilan $4 mingni olayotgan vaqtida dalillar bilan ushlandi. Hozirda unga JKning 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo va Farg‘onada yer maydoni bilan bog‘liq firibgarliklar fosh etilgan edi.