
Wildberries’ga tegishli korxona O‘zbekistonda yangi taksi xizmatini yo‘lga qo‘yish uchun WB Taxi kompaniyasini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazdi. Kursiv Uzbekistan Davlat reyestridagi ma’lumotlar asosida bunga e’tibor qaratdi.
Yangi kompaniya joriy yilning iyun oyi o‘rtalarida ro‘yxatdan o‘tgan. EGRPO ma’lumotlariga ko‘ra, u taksi xizmatlari ko‘rsatishni rejalashtiradi. Ustav kapitali 500 ming so‘m etib belgilangan.
Kompaniyaning asosiy 99 foiz ulushi WB Int Exportga tegishli. Yana 1 foiz ulush «RVB» MCHJga qarashli.
«RVB» – bu Wildberries marketpleysi va tashqi reklama operatori Russ Outdoor kompaniyasining qo‘shilishi natijasida tashkil etilgan birlashgan kompaniya hisoblanadi. Kursiv Uzbekistan mazkur loyiha bo‘yicha qo‘shimcha izoh olish uchun Wildberries’ga rasmiy so‘rov yuborgan.

Wildberries ayni paytda Belarusda ham xuddi shu nomdagi WB Taxi xizmatini testdan o‘tkazmoqda. Bu davlatda mobil ilovalar ham yuklab olish uchun ochiq.
2025-yil oktabr oyida kompaniya Moskva bozoriga kirishni ham rejalashtirgani ma’lum bo‘lgan edi. Shuningdek, Wildberries’ning «Sitimobil»ni xarid qilishi mumkinligi haqida ham xabarlar chiqqan. Bundan avval esa kompaniya taksi yo‘nalishini boshqarish uchun Rossiyadagi Gett va Bibi agregatorining sobiq rahbari Anatoliy Smorgonskiyni jalb qilgan edi. U hozirda WB Taxi bo‘linmasini boshqaradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Wildberries Markaziy Osiyoda xotin-qizlar uchun biznes imkoniyatlarini kengaytirayotgani haqida yozgan edi.