Biz mahsulotni bosqichma-bosqich ishga tushiramiz — Wildberries taksi xizmatini ishga tushirish haqida

O‘zbekistonda Wildberries WB Taxi xizmatini ishga tushirishga hozirlanmoqda. Bu haqda kompaniya «Kursiv» nashriga ma’lum qildi.
Xizmat avvaliga faqat yopiq guruh uchun ochiladi. Bu kompaniyaga tizimni bosqichma-bosqich tekshirish va foydalanuvchilar uchun qulay sharoit yaratishga yordam beradi.
Birinchi bo‘lib xizmatdan Wildberries xodimlari va hamkorlari foydalanadi. Ular uchun qulay tariflar, mashinaning tez kelishi mavjud bo‘ladi va yo‘l haqi qiymatining 50 foiz keshbek ko‘rinishida «tarvuzlar» qaytariladi. «Tarvuzlar» — Wildberries’ning ichki virtual valyutasi bo‘lib, u faqat karta orqali to‘lov qilganda beriladi.
Haydovchilar uchun ham yaxshi sharoitlar taklif qilinadi. Past komissiya va xizmat sifati talablariga rioya qilinganda kunlik kafolatlangan daromad beriladi.
«Xizmatni kichik guruhda sinab ko‘rish orqali biz tizimni yaxshilashga ko‘proq e’tibor qaratamiz. Bosqichma-bosqich ishga tushiramiz va foydalanuvchilarning fikrlarini hisobga olib, servisni takomillashtirib boramiz», — dedi WB Taxi rahbari Anatoliy Smorgonskiy.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Wildberries O‘zbekistonda WB Taxi xizmatini ro‘yxatdan o‘tkazgani haqida yozgan edi.