
Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari (OTM) uchun 1 320 ta davlat granti bo‘yicha qo‘shimcha tanlov boshlandi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi xabar bermoqda.
Davlat komissiyasi qaroriga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili uchun xorijiy va nodavlat OTMga ajratilgan 1 320 ta davlat grantidan bo‘sh qolgan o‘rinlar bo‘yicha qo‘shimcha tanlov o‘tkaziladi.
Tanlovda faqat mazkur ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan talabgorlar ishtirok etadi. Ro‘yxatdan o‘tish muddati 2025-yil 25-noyabrdan 4-dekabrgacha davom etadi. Arizalar Bilim va malakalarni baholash agentligining my.uzbmb.uz platformasi orqali qabul qilinadi.
Ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar uchun test sinovlari 2025-yil 11-dekabrga qadar o‘tkaziladi. Test sanasi, vaqti va manzili haqidagi ma’lumotlar abituriyentning shaxsiy kabinetida e’lon qilinadi. Imtihonda ishtirok etish uchun ruxsatnoma ham shaxsiy kabinet orqali yuklab olinadi.
O‘zbekiston Prezidenti PQ–4319-son qaroriga muvofiq, ro‘yxatdan o‘tayotgan abituriyentlardan belgilangan miqdorda to‘lov undiriladi. To‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlar testga kiritilmaydi va tanlovda qatnasha olmaydi.
Test natijalariga ko‘ra to‘plangan ballar ketma-ketlik tartibida shakllantirilib, 2025-yil 15-dekabrgacha tegishli oliy ta’lim tashkilotlariga topshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 2024/2025-o‘quv yilida 381,7 ming talaba oliy ta’limga qabul qilingani haqida yozgan edi.