
25 yildan ortiq qidiruvda bo‘lgan xalqaro terroristik tashkilot a’zosi O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xorijiy maxsus xizmatlar bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlar natijasida xalqaro terroristik tashkilotlarga aloqadorligi uchun 25 yildan ortiq qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi noyabr oyida chet elda qo‘lga olinib, mamlakatga olib kelindi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxs 1999-yilda O‘zbekistondan chiqib ketgan va diniy ekstremistik oqim g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan. U «hijrat» va «jihad» qilishni maqsad qilib, Afg‘oniston, Pokiston va Suriya hududlarida faoliyat yuritgan xalqaro terroristik tashkilotlar saflarida jangovar harakatlarda qatnashgan.
Surishtiruv davomida aniqlanishicha, u boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirilgan soxta hujjatlar asosida yashirinib yurgan va MDHga a’zo davlatlardan birida qo‘lga olingan.
Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish), 155-moddasi (terrorizm), 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) hamda boshqa tegishli moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari aniqlangani haqida xabar bergan edik.